Xorazmliklarni qizil va qora rangdagi kiyimlarni yaxshi koʻrishi antik davrlardan beri davom etib kelayotgan odatlardan biridir. Buni qadim Xorazm davlatchiligi yodgorliklari, xususan Tuproq-Qalʼa saroylarining devoriy rasmlarida aks etgan erkak qahramonlarning kiyimlaridan tasavvur qilsa boʻladi. Xiva xonligi davrida ham erkaklarning ustki kiyimlarini qizil rangli mayda chiziqli olacha mato-lardan tikish odat boʻlib qolavergan. Islom dini kirib kelganidan keyin tabiiyki, kiyinish madaniyatida maʼlum darajada oʻzgarishlar roʻy beradi. Bu oʻz navbatida avvalo erkaklar bosh kiyimiga qaratilgan boʻldi. Shu tufayli xorazmliklarning anʼanaviy bosh kiyimi – “choʻgirma”ni sharoitga moslashtirishga kirishildi. Xususan “tahya», “salla”, “choʻgirma” kabi bosh kiyimlarning bichimi va tikish texnologiyalari oʻzgardi. Ularni tayyorlashda qoʻy terisi yunglarining uzunligiga qarab turli shakllarini tayyorlash hamda “silkma”, “sherozi”, “toʻgalak choʻgirma” kabi turlarini ishlab chiqarila boshlandi. “Toʻgalak choʻgirma” – ustki qismi odatdagidan qalin qilib toʻqilgan matodan yoki charmning ustiga yungli teri yopishtirilgan. Bunday koʻp mehnat va vaqt talab qilinadigan texnologiyalar yordamida tayyorlangan choʻgirmalarni asosan boy va amaldorlar kiyishgan. Choʻgirmaning ushbu bichimdagi koʻrinishi Xiva xoni Muhammad Rahimxon II davrida urf boʻlgan. Erkaklar uchun oyoq kiyimlar turli malakadagi usta-kosiblar, etikdoʻzlar tomonidan turli-tuman materiallardan, teri, koʻndan turli sifatda va qiymatda tayyorlangan. “Kavush-maxsi”, “chuvak”, “chori”, “mukki”, “papush”, “sari adik”, “oq adik” kabi poyabzallar maxsus ishlov berilgan charmdan tikilgan, bu oyoq kiyimlarning koʻplarini qoʻnjlari kashta, tasma, jiyaklar bilan boy qilib bezatilgan. Erkaklar kiyim garderobini juda muhim aksessuarlaridan biri bu kamar, belbogʻlar boʻlgan. Ular asosan charmdan yoki matodan tayyorlangan – turma va madali belbogʻ bogʻlash xorazmlik erkaklarda qadim zamonlardan muhim anʼana boʻlib kelgan.
Qoʻziyeva Malika Xonliklar davri oʻzbek milliy libosi tarixi
