O'z Ўз En Ru Ar
×

Tojikistonda Amir Temur hayoti haqida oʻzbek tilida bitilgan eski qoʻlyozma topildi

“Sharq Renessanslari fonemeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar, kashfiyotlar" — Oʻzbekistondagi xalqaro madaniy meros haftaligida buyuk sohibqiron Amir Temurning hayoti va faoliyati haqida oʻzbek tilida bitilgan eng eski qoʻlyozma haqida maʼlumot berildi. Bu haqda Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati aʼzosi, Tojikiston Milliy universiteti professori, filologiya fanlari doktori, navoiyshunos olim Badriddin Maqsudov anjumandagi maʼruzasida maʼlum qildi.

Olimning aytishicha, “Manoqibi Amir Temur Sohibqiron” deb nomlangan bu kitob Amir Temur haqida yozilgan va shu paytga qadar yetib kelgan turkiy qoʻlyozmalarning hozircha eng qadimiysi boʻlishi mumkin.

Maʼlumki, Amir Temur haqida ayni paytga qadar oʻnlab, ilmiy, tarixiy va badiiy asarlar yaratilgan. Ular qatorida Amir Temurning oʻziga nisbat beriladigan “Temur tuzuklari”, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”, Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Mirxond va Xondamirning “Ravzatus-safo”, Ibn Arabshohning “Ajoyib ul-maqdur fiy navoibi Taymur”, Rui Gonzales Klavixoning “Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi” singari oʻnlab asarlarni qayd etib oʻtish mumkin.

Amir Temur haqida oʻz davrida ham, undan keyin ham turkiy tilda koʻplab asarlar yaratilgan boʻlishi mumkin. Bizga qadar yetib kelgan hujjatlar orasida Amir Temurning turkiy tilda bitilgan yorliqlari ham mavjud.

Dushanbeda topilgan kitobning xotimasida hijriy 1027 yil rajab oyi sanasi qayd etilgan. Bu 1618 yilning iyun-iyul oylariga toʻgʻri keladi. Bu asarning koʻchirilgan sanasidir, asarning oʻzi undan ham avval yozilgan boʻlishi mumkin. Chunki, qoʻlyozmaning kolofonidagi mana bu bayt dastxat muallifga emas, kotibga tegishli ekanini bildiradi:

Garchi loyiq nist in xat dar kitob

Lek az bekori kardan behtar ast.

(Garchi bu xat ushbu kitobga munosib boʻlmasa-da, lek bekorchilikdan yaxshiroq)

Shundan kelib chiqsak, bu kitob 1618 yilda emas, balki undan ham avvalroq yozilgan, degan xulosaga borish mumkin. Olimlar kitob muqaddimasidan muallif va u yashagan davrdagi hukmdor nomini ham aniqlashga muvaffaq boʻlishdi.

Bu asarning bir qancha nusxalari Toshkentda ham saqlanadi. Xususan, “Ogʻozi dostoni Amir Temur Koʻragon” deb qayd qilingan qoʻlyozma ayni paytda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. 112 varaqdan iborat bu qoʻlyozma Muhammadxoja ibn Jaʼfarxoja asarining keyingi davrlarda koʻchirilgan nusxasi boʻlishi mumkin.

"Manoqibi Amir Temur Sohibqiron" kitobi tarixiy maʼlumotlardan koʻra koʻproq xalq orasida keng tarqalgan afsona va rivoyatlarga asoslangan. Buni asarda Amir Temur davrida yashamagan bir qator tarixiy shaxslarning unga zamondosh qilib koʻrsatilganidan bilish mumkin. Shuningdek, Amir Temurning tugʻilishi, jang manzaralari, shayxlarning karomatlari xalq kitoblaridagi moʻjizakor harakatlarni yodga soladi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xodimlari tomonidan Dushanbedan topilgan bu noyob qoʻlyozmaning nusxasini taniqli tarixchi va manbashunos olimlarimiz yordamida chuqur tadqiq etish hamda kelgusida ushbu qoʻlyozmaning faksimile nusxasi va joriy alifbodagi matnini chop etish rejalashtirilgan.

 

CЎНГГИ МАҚОЛАЛАР
ИЖТИМОИЙ ТАРМОҚЛАР
O‘ZBEKISTON ISLOM SAN'ATI JAHON SIVILIZATSIYASINING AJRALMAS QISMI

Ўзбекистон ислом санъати жаҳон цивилизациясининг ажралмас қисми

Manzil

Адрес:Тошкент/Олмазор Қорасарой / 47
е-маил: sanat@cisc.uz
Bog'lanish

+998904083399