Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yurtimiz numizmatika tarixiga oid ekspozitsiyalar yaratish rejalashtirilgan. Markaz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan Oʻzbekiston numizmatikasi tarixi loyihasi ustida Yaponiyaning Mixo muzeyi maxsus ilmiy xodimi Sergey Laptev ish olib bormoqda:
— Islomdan avvalgi davrda Oʻzbekiston hududida zarb qilingan tangalar namunalarining roʻyxatini shakllashtirib, shaxsiy kolleksiyalardan izlash, dunyodagi muzeylar, xalqaro auksionlarga murojaat qilgan holda ularni topish va nusxalarini yaratib ekspozitsiyaga kiritish harakatlari boshlangan. Bu asosiy vazifadir va buning asosida eng yaxshi natija sifatida bir kitob-albom chiqarish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston hududi tarixda Markaziy Osiyodagi mamlakatlar orasida Buyuk ipak yoʻlida amalga oshirilgan savdo-sotiqda muhim oʻrin tutgan. Shuningdek, Markaziy Osiyoda turli davrlarda tashkil topgan qadimgi, masalan, Oʻzbekistonning ilk davlatchiligi asosi boʻlgan Xorazm, Baqtriya, Sugʻd kabi ilk davlatlar hukmdorlari savdo-sotiq muomalasi uchun oʻz tangalarini zarb qilganini tarixdan bilamiz. Bu esa islomgacha boʻlgan davrda Markaziy Osiyoda, xususan, Oʻzbekiston hududida qadimgi davlatchilik boshqaruvlaridayoq tangani zarb qilish mavjud boʻlganidan dalolatdir. Ammo bu zarb qilingan tangalar haqida yetarli maʼlumotlar mavjud emas. Shu bois Oʻzbekiston numizmatikasi tarixi loyihasining amalga oshirilishi Oʻzbekiston ilm-fani uchun ahamiyatli yondashuvlardan biri boʻlishi kutilmoqda.
Qayd etish kerakki, numizmatika bu – tangalar haqidagi fan. Yaʼni numizmatika tangalarning tasvirlari, yozuvlari, ogʻirligi, qanday metalldan yasalganligi, pul muomalasidagi darajasi va tanga zarb qilinish tarixini oʻrganadi.