O'z Ўз En Ru Ar
×

OLTINDA KO‘CHIRILGAN “O‘ZBEKXON QUR’ONI”NING OLAMSHUMUL SHUHRATI

Dunyo tarixida o‘zining shonu shavkati, jahonshumul ishlari bilan nom qoldirgan hukmdorlar anchagina. Shulardan biri Sulton G‘iyosiddin Muhammad O‘zbekxon (1283-1341) hisoblanadi. U Chingizxonning katta o‘g‘li Jo‘chi avlodidan bo‘lib, uning davrida islom Oltin O‘rdaning davlat dini deb tan olingan. O‘zbekxon boshqaruvi Oltin O‘rda qudrati eng yuqori cho‘qqiga chiqqan davr sifatida tilga olinadi. Turkiyaning Sulaymoniya kutubxonasi qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan O‘zbekxon Qur’oni ayni shu fikrlarning isbotidir.

Ushbu Qur’on haqida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan joriy yilning 23-26-avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi renessans poydevori” VIII xalqaro Kongressida Istanbul universiteti professori, doktor Emek Ushenmez ma’lum qilgan edi.

“Oltin O‘rda hukmdori O‘zbekxon uchun Badr al Hamadoniy tomonidan yozilgan Qur’on qo‘lyozmasi Turkiyaning Sulaymoniya kutubxonasi qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda. Qo‘lyozma reyhaniy yozuvida yozilgan, qaymoqrangli varaqlari oltin suvi yugurtirilgan holda chiroyli bezatilgan. 1318-yil Ramazon oyida yozilgan qo‘lyozmaning yana bir diqqatga sazovor xususiyati shuki, oyatlar soni raqamlarga mos harflar bilan ko‘rsatilgan” – deydi Emek Ushenmez.

Mazkur qadimiy qo‘lyozmani Turkiyaga kim, qachon va nima maqsadda olib kelgan?

Ma’lum bo‘lishicha, qo‘lyozma Fotih Culton Mehmetning vaziri Halil Pasha tomonidan Qrim urushidan o‘lja sifatida Istanbulga olib kelingan. Qachon ko‘chirilganligi haqida kitobning o‘zida ma’lumot keltirilgan.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Turkiya qo‘lyozma asarlar boshqarmasi hamkorlikda mazkur O‘zbekxon Qur’onini faksimile nusxasini chop etishda kelishuvga erishishgan.

O‘zbekxon o‘zbeklarning bobokalonimi?

Albatta, ana shunday fikrni ilgari suruvchilar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Albatta, bu fikr bejiz paydo bo‘lmagan. Ko‘plab olimlar ham bu fikrni tasdiqlashga urinishadi. Bu borada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov quyidagi fikrlarni bildirdi:

– Mirzo Ulug‘bek “To‘rt ulus tarixi” asarida shunday yozadi: “Hazrati Sayid Ota, unga Ollohning rahmati va rizoligi bo‘lsin, hamda Sulton Muhammad O‘zbekxon bilan hamrohlikda Movarounnahrga kelgan kishilardan: “Bu kelgan kim?” — deb so‘rardilar. Ularning sardori va podshohi O‘zbekxon bo‘lgani uchun ularni “o‘zbek” deb atadilar. Shu sababdan o‘sha zamondan boshlab Movarounnahrga kelgan kishilar “o‘zbek” deb atala boshlandi. Dashti qipchoqda qolib ketgan kishilar esa “qalmoq” bo‘ldilar”.

Bu va boshqa parchalardan ko‘rinib turibdiki, “o‘zbeklar” deb faqat O‘zbekxonning avlodlarini emas, balki unga tobe bo‘lgan kishilarni ham ataganlar. Ularning bir qismi O‘zbekxon davrida, yana bir qismi Shayboniyxon davrida Movarounnahrga kirib kelgan. Keyinchalik, mamlakatimiz hududidagi xonliklarda ham asosan ana shu Dashti Qipchoq xonlarining avlodlari hukmdorlik qilishgani uchun mahalliy aholiga nisbatan ham “o‘zbek” atamasi qo‘llangan.

Biroq, ayrim mutaxassislar O‘zbekxon, hatto Chngizxondan ilgari ham bu nom mavjud bo‘lganini ta’kidlaydilar. Xususan, manbalarda 1115-1116-yillarda Iroqning Mo‘sul viloyatida O‘zbek ismli sarkarda hokimlik qilgani haqida ma’lumotlar uchraydi. Ozarboyjonda hukmronlik qilgan turkiy eldengizlar sulolasining so‘nggi vakilini ham Sulton Muzaffar O‘zbek (1210-1225) deb atashgan. Herman Vamberi bu etnonim “o‘ziga o‘zi bek” ma’nosini bildirishini yozadi. Boshqa taxminlarga ko‘ra, “o‘zbek” nomi qadimgi turkiy urug‘ o‘g‘uzlar nomidan kelib chiqqani, aniqrog‘i “o‘g‘uz bek” so‘zlarining qisqartmasi ekani aytiladi...

Chindan ham o‘zbek xalqining nomini faqat birgina hukmdor nomi bilan bog‘lash to‘g‘ri emas va uning tarixi bir necha ming yilliklarni o‘z ichiga oladi.

Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

 

CЎНГГИ МАҚОЛАЛАР
ИЖТИМОИЙ ТАРМОҚЛАР
O‘ZBEKISTON ISLOM SAN'ATI JAHON SIVILIZATSIYASINING AJRALMAS QISMI

Ўзбекистон ислом санъати жаҳон цивилизациясининг ажралмас қисми

Manzil

Адрес:Тошкент/Олмазор Қорасарой / 47
е-маил: sanat@cisc.uz
Bog'lanish

+998904083399