Turkiyaning Sulaymoniya kutubxonasidan topilgan qur’on qo‘lyozmasini ayni paytda restavratsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Toshkentda o‘tayotgan O‘zbekiston madaniy meros haftaligi doirasida ma’lum qilindi. Ushbu Qur’on 1318-yilda Oltin O‘rda xoni — O‘zbekxonga atab, oltin varaqqa ko‘chirilgan va bu Mo‘g‘ullar davridan keyin saqlab qolingan asosiy Qur’on mus’hafi hisoblanadi. Turkiyalik professor Emek Ushenmezning ta’kidlashicha, qo‘lyozma usmoniylar hukmdori Fotih Sulton Mehmet tomonidan 1475 yilgi Qrim yurishidan o‘lja sifatida Istanbulga olib kelingan. Ma’lum qilinishicha, ushbu qo‘lyozma Islom madaniyati va ta’limida alohida ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, u diniy matnlarni saqlash va musulmon davralar o‘rtasida savodxonlikni oshirishda xizmat qilgan. Umuman olganda, O‘zbekiston madaniy merosi haftaligi ko‘plab shov-shuvli yangiliklarga boy o‘tmoqda. Ular sirasiga temuriy malika o‘z qo‘li bilan yozgan, Amir Temur davriga oid noyob qur’on qo‘lyozmalari hamda Boburiylarga oid muhtasham albomning topilgani kiradi.