Tog‘ echkisi tushirilgan to‘g‘nog‘ich. Mil. avv. II ming yillik. Sopollitepa
Bronza davrida ilk shaharsozlik sivilizatsiyasining jadal rivojlanishi kuzatilib, unga o‘z zamonasiga mos tarzda rivojlangan va ixtiro etilgan qurilish texnikasi, turar-joy va ibodat manzillarning me’moriy uslub-shakllarini ishlab chiqish, bronza va kulolchilik hunarmandchiligining keng qo‘llanishi xosdir. Ayni paytda O’zbekistonning barcha go‘shalarida bosqichma-bosqich bir qator yirik tarixiy-madaniy hududlar shakllandi, bir tomondan chorvachilik xo‘jaligini rivojlanishi, ikkinchi tomondan esa sug‘oriladigan dehqonchilik madaniyati markazlarning shakllanishi qayd etilgan. Mintaqaning badiiy madaniyati o‘z hududida yashagan qabilalar va xalqlarning cho‘l Sharq, Sibir, Mesopotamiya, Eron, Hindiston va Xitoy kabi qo‘shni mamlakatlarning madaniyatlari bilan keng o‘zaro ta’siri jarayonida rivojlangan. Miloddan avvalgi II ming yillikning oxiri — miloddan avvalgi I ming yillikning birinchi yarmida zamonaviy O’zbekiston hududida bir necha yirik tarixiy-madaniy viloyatlar — Baqtriya, So‘g‘d, Choch, Xorazm — mavjud bo‘lib, unda tarqalgan tizim va siyosiy hokimiyat iyerarxiyasiga ega bo‘lgan ilk davlatchilikning o‘zan shakllarini kuzatish mumkin. Birinchi yirik shaharlar asosan miloddan avvalgi I ming yillik davomida vujudga kelib mukammal shakllanib keladi. Miloddan avvalgi I ming yillikning boshlanish asrlariga qadar O’zbekistonning bir qator hududlarida mahalliy qishloq xo‘jaligi maskanlari tashkil topadi. Qishloq xo‘jaligi tumanlarining har birida tarqoq kichik qishloqlar bilan bir qatorda bir necha gektar maydon, mudofaa devorlari bilan o‘rab olingan yagona reja asosida qurilgan shahar turidagi muqim istiqomat manzillari, ichki sathida keng ko‘cha va turar-joy mavzelari, hunarmandchilik-xo‘jalik rastalari va ibodat majmualari shakllanadi. O’zbekiston amaliy san’atining dastlabki namunalari qishloq xo‘jaligi ekinlarining paydo bo‘lish davriga to‘g‘ri keladi va ularning ishlab chiqilishi asosan hayotiy zarurat uchun mo‘ljallangan badiiy
bezakli buyumlar yaratish ehtiyoji bilan bog‘liq edi. O’zbekiston janubida bronza davridagi qishloq xo‘jaligi madaniyatining ko‘plab qadimiy yodgorliklari o‘rganildi.
Miloddan avvalgi XVII–X asrlarga oid Sopollitepa va Jarqo‘ton manzilgohlari batafsil o‘rganilgan. Bronzani o‘zlashtirish va kulolchilik charxining kashf etilishi hunarmandchilik ishlab chiqarishini takomillashtirishga, O’zbekiston hududida urbanizatsiya jarayonini jadallashtirishga turtki bo‘ldi. Bu davrdagi aholi punktlari
tarkibida shahar madaniyatining o‘zan asoslari — mustahkam qal’a, otashgoh, ibtidoiy binolardan iborat turar-joy, ko‘chalar, hunarmandlar ustaxonalari joylashgan rastalar mavjud. O’zbekiston madaniyatining ushbu davri sopol buyumlari, bronza,
tosh va suyakdan ishlangan mahsulotlar bilan ifodalanadi. Kulolchilikning ikki turi qayd etilgan: janubdagi dehqonchilik xo‘jaligi qabilalarining bo‘yalgan kulolchiligi va shimolning — cho‘l chorvachilik qabilalarining kulrang kulolchiligi. Har bir yo‘nalish o‘ziga xos tasviriy va bezak shakllari bilan ajralib turardi. O’zbekistondagi bronza davrining bo‘yoqli bezak kulolchiligining eng mashhur va muhim markazlardan biri Chust va Sho‘raboshot (Farg‘ona vodiysi) yodgorliklaridir. Qo‘lda yasalgan, turli xil sopol idishlar, ochiq-jigarrangdan qora ranggacha maxsus tayyorlangan xilma xil tusdagi angob (qizilkesakdan tayyorlangan bo‘yoq) bilan qoplangan va ustidan sayqallanib ishlov berilgan.
Ma’lumotlar "O’zbekiston san’ati tarixi kitob - albom"idan olindi.
Muallif: Akademik Akbar Hakimov