Qadimda hududi Oks (Amudaryo) va Yaksart (Sirdaryo) deb nomlangan ikki azim daryo o‘rtasida joylashgan Movaronnahr bo‘lgan O‘zbeki-stonimiz san’ati XX asrning birinchi yarmigacha mustaqil tadqiqot
obyekti sifatida qadimgi Sharq madaniyati va san’ati tarixiga oid fundamental ilmiy asarlar mundarijasiga kirmagan edi. XX–XXI asr boshlarida olib borilgan keng ko‘lamli arxeologik va tarixiy-san’atshunoslik tadqiqotlari ushbu mintaqaning qadimgi dunyo tamaddunlari rivojidagi muhim o‘rni haqida gapirish imkonini beradi.
1920–40 yillarda Sharq va O‘rta Osiyo san’ati tarixiga oid umum-lashtiruvchi risolalar nashr etila boshlandi (Denike B. 1923; Veymarn B. V. 1940). Biroq mintaqa tarkibidagi har bir respublika san’atlari tarixi bo‘yicha maxsus asarlar yo‘q edi (Chepelev V. N.
1935). O‘zbekistonning zamonaviy san’atiga taalluqli kitoblar bundan mustasno edi. 1960 yillarda O‘zbekiston san’ati tarixiga oid kitoblar (Pugachenkova G. A., Rempel L. I. 1960; Rempel L. I. 1961; Pugachenkova G. A., Rempel L. I. 1965) paydo bo‘la boshladi, bu ilmiy doiralarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. 1965 yilda “O‘zbekiston san’at tarixi” (Pugachenkova G. A., Rempel L. I. 1965) fundamental kitobi chop etilganidan so‘ng butunittifoq matbuotida “O‘zbeki-
ston san’ati tarixi” atamasining qo‘llanishi haqida munozaralar boshlandi. O‘shanda san’at tarixshunosi S. B. Pevzner “O‘zbekiston san’ati tarixi” (Pugachenkova G. A., Rempel L. I. 1965) va “Turkma-niston san’ati” kitobining (Pugachenkova G. A. 1967) mualliflarini mintaqa san’ati tarixini faqat zamonaviy siyosiy-ma’muriy chega-ralar doirasida taqdim qilganlikda aybladi. G. A. Pugachenkova va L. I. Rempel ta’rifini noto‘g‘ri deb hisoblagan moskvalik olim B. Y. Staviskiy qadimda va o‘rta asrlarda O‘zbekiston degan davlat bo‘lmagani va “O‘rta Osiyo san’ati tarixi” atamasini ishlatish to‘g‘riroq bo‘lardi, deb qayd etdi. Bunga L. I. Rempel o‘z ilmiy qarashlarini himoyalab javob maqola chop etadi (Rempel L. I. 1972). O‘zbekiston olimlari mintaqaviy yondashuvning to‘g‘riligini inkor etmasdan, respublikalarning o‘z badiiy madaniyatlari tarixi XX asrda yuzaga kelgan davlat tuzilmalari doirasida shakllangan degan fikrni quvvatladilar (Pugachenkova G. A., Rempel L. I. 1979). Bir qarashda O‘zbekiston va mintaqaning bir qator respublikalari mustaqillik-ni qo‘lga kiritgach, bu munozarali ilmiy bahsga nuqta qo‘yilgandek bo‘ldi.
Ammo 1990 yillarning o‘rtalarida B. Y. Staviskiy o‘zining bir necha yillar muqaddam Markaziy Osiyo san’atini aynan hozirgi zamon davlat tuzilmalari kesimida yoritish noo‘rinligini ta’kidlovchi yondashuvini takroran qayd etib chiqdi (Staviskiy B. Y. 1997). G. A. Pugachenkova javob maqolasida vujudga kelgan yangi voqelik mintaqa-ning davlat mustaqilligiga erishganini hisobga olgan holda oldin-gi ilmiy qarashlarini yanada mustahkamlab berdi (Pugachenkova G. A. 1998). Pirovardida Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqillikka erishganlari va bu hududdagi har bir davlatning o‘z san’atlarining milliy tarixini yaratish majburiyati ushbu munozarani amaliy bo‘lmagan holga keltirdi. Biroq, bu misol obyektiv ilmiy haqiqatga erishish tajribasi oson emasligini ko‘rsatadi.
XX asr oxirida O‘zbekiston xalqaro huquqning mustaqil subyekti, suveren davlat sifatida jahon maydoniga chiqdi. Bu tarixan favqu-lodda voqelik O‘zbekiston xalqlarining tarixiy taraqqiyotida yangi sahifani ochib berdi va ijtimoiy fanlar oldiga yangi dolzarb vazifalarni qo‘ydi. Badiiy merosni o‘rganishda uning O‘zbekiston hududida davlatchilik tamoyillarining shakllanish jarayoni bilan o‘zaro bog‘liqlikni ham tadqiq etishning yangi jihatlari muhimligi ayon bo‘ldi. Markaziy Osiyo xalqlari, jumladan O‘zbekiston san’ati tarixiga oid nashrlarning mavzuviy qamrovi ancha keng. Uning qadi-miy va o‘rta asr davrlariga bag‘ishlangan fundamental asarlar, to‘-plam va ko‘plab maqolalar yozildi, XX asr tasviriy va amaliy san’at taraqqiyotidagi muammolar ham e’tibordan chetda qolmadi.
Shu bilan birga O‘zbekiston san’ati tarixi sovet tadqiqotchilari nazdida asosan ayrim davrlar, san’at maktablari va badiiy uslublar-ning bilvosita mexanik vobastaligi sifatida qaralgan. Masalan, O‘zbekiston san’ati tarixiga oid fundamental kitoblardan birida san’at taraqqiyotining tarixiy yo‘nalishi XIX asr oxiriga kelib to‘xtaydi (Pugachenkova G. A., Rempel L. I. 1965), XX asr san’ati esa, san’at tarixida mustaqil bosqich deya xulosa qilingan (Iskusstvo... 1976).
Mustaqillik davrida O‘zbekiston san’atining rivojlanish tarixi konsepsiyasi yangicha tavsif-talqin etildi — endi u yagona uyg‘un tarixiy-badiiy jarayon sifatida tasniflandi. Muallif O‘zbekiston san’ati tarixiga oid o‘zining umumlashtiruvchi asarlarida aynan shu konsepsiyani ilmiy asoslab ilgari suradi (Xakimov A. A. 2010; Xakimov A. A. 2018; Xakimov A. 2021). Milliy san’at tarixiga nisbatan bunday mukammal yondashuvda ushbu konsepsiyaning o‘ziga xos muhim qirrasi bor, ya’ni qadimgi zamon-lardan to bugungi kungacha O‘zbekiston san’ati, me’morchiligi va hunarmandchiligi ilk bor yaxlit tarixiy-badiiy fenomen sifatida tadqiq-tahlil qilinmoqda. Umumiy san’at rivojlanish harakatida ham, o‘tmish va zamonaviy rassomlarning ijodiy yutuq va izlani-shlarida ham kashf etilgan O‘zbekiston san’ati tarixiy taraqqi-yotidagi uzviy davomiylik va betakror badiiy tafakkur ushbu konsepsiyaning bosh tamoyili bo‘lib xizmat qiladi. Shu tarzda, badiiy fenomenning ichki uyg‘unligi va an’analarning tarixiy davomiyli-gi O‘zbekiston milliy san’ati taraqqiyotining turli bosqichlarida uning betakror o‘ziga xosligini aslo inkor etmaydi. Aksincha, aynan xilma-xillikning uzviy yaxlitligi zamirida O‘zbekiston san’atining barcha o‘ziga xos janr va yo‘nalishlari rivojlandi. Ushbu badi-iy-ma’naviy voqelik tarixiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lgan yangi uslublar va san’at maktablarining shakllanish jarayonlarini, mav-zular, syujetlar va repertuar mundarijasidagi jadal o‘zgarishlar-ni o‘zida mujassam qiladi, biroq ichki o‘ziga xos azaliy yaxlitlikni, his-tuyg‘ular va g‘oyalar butligi va ayonligini saqlab qoladi.
O‘zbekiston san’ati tarixi davrlashtirish stratigrafiyasiga ega. Qisqa muddatli davrlarni o‘z ichiga olgan yirik tarixiy zamonlar bor. O‘zbekiston san’ati tarixining xronologik ketma-ketligi quyi-dagicha:
1) qadimgi zamon san’ati — milodan avvalgi IV ming yilliklardan milodiy III–IV asrlargacha;
2) ilk o‘rta asrlar san’ati — V–VIII asrlar;
3)islom davri san’ati IX–XX asr boshlari;
4) Respublika SSSR tarkibida bo‘lgan 1920–1980 yillarda O‘zbeki-ston san’ati;
5) Mustaqil O‘zbekiston san’ati (1991 yildan hozirgi kungacha).
Ushbu sanab o‘tilganlardan “Qadimgi zamon san’ati (milodan av-valgi IV ming yilliklardan milodiy III–IV asrlargacha)” va “Islom davri san’ati” eng katta davomli tarixiy bosqich, bir necha davrlar-dan iborat. “Ilk o‘rta asrlar san’ati — V–VIII asrlar” mazkur ikki global bosqich oralig‘idagi qisqa bog‘lama o‘tish davri.
“Qadimgi zamon san’ati” bir necha davrlarni o‘z ichiga oladi:
a) “Qadimgi va bronza davrlarida O‘zbekiston hududi san’ati (neolit, bronza davri madaniyati — milodiy IV–I ming yilliklar)”;
b) Mintaqa madaniyatining ahamoniylar ta’siriga tushish davri san’ati — miloddan avvvalgi VI–IV asrlar;
v) Yunon-ellinlar davri san’ati — mil. avv. IV–II asrlar;
g) Kushon davri san’ati — mil.avv. I – milodiy III asr.
Islom davri san’ati IX–XXasr boshlari bilan belgilanadi. Bu davr yangi bezak uslubining shakllanishi va rivojlanishi bilan ajra-lib turadi. Bu ming yillik davr uchta rivojlanish bosqichlarini o‘z ichiga oladi:
a) Mo‘g‘ullar bosqini davrigacha bo‘lgan san’at — IX–XIII asr boshlari; b) Temuriylar davri san’ati — XIV–XVI asr boshlari;
v) O‘zbek xonliklari va Turkiston o‘lkasi san’ati XVII asr–XX asr boshlari.
“1920–1980 yillarda O‘zbekiston san’ati” nisbatan qisqa tarixiy bosqichni o‘z ichiga oladi. Sinfiy mafkuraga asoslangan sotsialistik realizm uslubi uning asosiy mezoni va badiiy-ijodiy tamoyili edi. O‘zbek xalqining milliy o‘ziga xosligini ijodiy ifodalash va to‘g‘ri aks ettirishga qaratilgan va 1991 yildan boshlab o‘ttiz yildan buyon davom etib kelayotgan mustaqillik davri O‘zbekiston san’ati tarixida yangi sahifani boshlab berdi.
Islom davrigacha bo‘lgan san’atda qadimgi va ilk o‘rta asr qahramon-larning ichki olami, ularning his-tuyg‘ularini ifodalash muhim bo‘lgan. Ularning qiyofasida qadimgi rassomlar va haykaltaroshlar-ning badiiy tafakkur va kasbiy mahorati tufayli bizgacha yetib kelgan hayotiy qudratni ko‘rish mumkin. Islom san’ati tarkibida O‘zbekiston san’atining ming yildan ziyod davr tarixi mobaynida amaliy san’atning universal tili bo‘lmish naqsh estetikasining falsafasi va sehrini ochib berish muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Zamo-naviy san’atni tadqiq va tahlil etishda avvalo tarixiy va siyosiy o‘zgarishlarni uning uslubi va o‘ziga xosligiga ta’sirini inobatga olib, shuningdek, san’atning ichki vazifalari va rassomlarning is-taklarini xolisona anglash tamoyillariga yondashildi.
O‘zbek san’atining badiiy tilini chuqurroq tushunish uchun, kitobni badiiy-dizayn loyihalashda portret tasvirlari yoki bezak detallarining alohida yiriklashtirilgan ko‘rinishi bilan ayrim rasmlarning manzarasini yaqinlashtirish yoki ikki sahifaga joy-lashtirish usuli qo‘llanilgan. Kitobda akademik yondashuv bilan bir qatorda, erkin badiiy va adabiy uslub qo‘llanganligi bo‘limlarning sarlavhalarida va materialning talqinida aks etadi. Kitob sahifa-larining chekkasida sharhlar va iqtiboslar kichikroq harflarda be-rilgan bo‘lib, asosiy va katta matnning ma’lumotlari va tahlilini to‘ldiradi. Matn izohlarining kiritilishi o‘quvchiga o‘tmish ustalari tomonidan ham, zamonaviy rassomlar tomonidan ham yoritilgan g‘oya va qo‘llanilgan uslubiy xususiyatlarni yetkazishga yordam beradi. SHe’riy ramziylik tarixiy taqqoslash usuli sifatida mavzuning ma’naviy makonini qamrab olgan hissiyotlar dunyosini ochadi. Ma-daniy-falsafiy yondashuv O‘zbekiston san’at tarixi talqinining estetik mazmunini mustahkamlash imkonini beradi. San’atning bu ko‘rinishi odamga hissiyot va tajribalarning tirik to‘qimasini noorganik artefaktlarda anglash imkonini beradi. Osvald Shpengler yozganidek: “Men umumjahon tarixida ichki tuzilmasi chambarchas bog‘liq shakllarning tug‘ilishi va uzluksiz rivojla-nishi, hayratomuz tarzda barpo bo‘lishi va uzviy yangilanishining manzarasini kuzataman” (Shpengler O. 1993. 151 bet). Umid qilamizki, mazkur nashr o‘quvchiga o‘tmish sahifalariga chuqur-roq nazar tashlashga va o‘zbek xalqining badiiy merosida jahon ma-daniyatini boyitgan barhayot ma’naviy qadriyatlarni anglashga yordam beradi va ularni qadrlashga undaydi.
O’zbekiston san’ati tarixi AKBAR HAKIMOV