VIII asrning oxiridan boshlab Markaziy Osiyoga Islom dini ta’limoti va arab tili bilan kirib kela boshlagan yangi madaniyat mahalliy boy madaniy an’analar bilan uyg‘unlashib, xalifalikdagi boshqa xalqlar madaniyati bilan birgalikda “Islom madaniyati” nomli voqelikni, ilm-fan esa, shu madaniyatning mahsuli sifatida “musulmon ilmlari” deb ataluvchi, fan tarixidagi katta va muhim bir qatlamni yaratdi. Tarixchi olimlar tomonidan asosli ravishda “Islomning oltin davri”, “Ilk musulmon renessansi” deb atalgan bu “ilmiy davr”ning shakllanishi va rivojida Markaziy Osiyo olimlarining xizmatlari beqiyosdir. Ularning islomiy hamda aniq va tabiiy fanlar sohalaridagi faoliyati va yutuqlari mahalliy ilmiy an’ana va maktablarning vujudga kelishiga zamin bo‘ldi. Islom sivilizatsiyasidagi dastlabki madaniy yuksalishning in’ikosini IX-XII asrlardagi hadisshunoslik, tafsir, kalom, huquq, matematika, astronomiya, kimyo, tabobat, dorishunoslik, geografiya, falsafa fanlarining holatida ham ko‘rish mumkin.
Markaziy Osiyo Arab xalifaligi tarkibiga kirgandan so‘ng IX asr boshlaridan mintaqada ichki nizolarga barham berilib, osoyishtalik o‘rnatildi. Bu davr xalifa Horun ar-Rashidning ikkinchi o‘g‘li Abdulloh ibn Horun boshqaruvi yillariga to‘g‘ri keladi. Uning o‘zi aniq fanlarga juda qiziqqanligi sababli atrof o‘lkalardan, ya’ni Xuroson, Farg‘ona, Shosh, Xorazmdan iqtidor sohiblarini o‘zining noiblik markazi - Marvga to‘pladi. Abdulloh 819 yili Bag‘dodda al-Ma’mun nomi bilan xalifalik taxtiga o‘tirgach, Marvda faoliyat yuritgan barcha fanlar sohalaridagi ko‘plab olimlarni, asosan aniq fanlar vakillarini Bag‘dodga olib ketadi. Ular orasida Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Ahmad Marvaziy kabi matematiklar va astronomlar bor edi. Ular o‘z ilmiy asarlari bilan ilmiy tadqiqotlarini yuksak darajada rivojlantirdilar. Al-Ma’mun Bag‘dodga kelganidan so‘ng, u yerda avval Suriyadan kelgan olimlar bilan o‘zi keltirgan mutafakkirlarni “Bayt ul-hikma” – “Donishmandlik uyi”ga, ya’ni “Al-Ma’mun akademiyasi”ga birlashtirdi. Bir necha yillar davomida bu akademiyaga Muhammad al-Xorazmiy va Ahmad al-Farg‘oniy rahbarlik qildi. Ilmiy ishlar rejali asosda ko‘p yillar davom etdi. Al-Ma’mun akademiyasidagi o‘rta osiyolik olimlarning ilmiy merosi butun o‘rta asrlar aniq va tabiiy fanlarning yo‘nalishini belgilab berdi.
“Bayt ul-hikma” - Bag‘dod akademiyasida faoliyat yuritgan Markaziy Osiyo olimlarining ilmiy an’analari keyinchalik Xorazmda XI asrning boshida davom ettirildi. Xorazmshoh Abu-l-Hasan Ali ibn Ma’mun (997-1009) hamda Abu-l-Abbos Ma’mun ibn Ma’mun (1009-1017) lar davrida Xorazmning poytaxti Gurganch shahrida o‘z davrining mashhur olimlaridan tashkil topgan ilmiy markaz – Majlis al-ulamo (Olimlar kengashi) vujudga keldi. Unda Abu Nasr ibn Iroqiy, Abu Sahl Masihiy, Abul-Xayr Hammor, Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino, Ibn Miskavayh, as-Sa’olibiy kabi olimlar fanning astronomiya, matematika, kimyo, tabobat, falsafa, mantiq, tilshunoslik, tarix va adabiyot yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy faoliyat olib bordilar. Bu ilmiy markazning faoliyati 1017 yilda G‘azna hukmdori sulton Mahmud G‘aznaviyning Xorazmga yurishi natijasida to‘xtadi. Garchi, Xorazm Ma’mun akademiyasi qisqa muddat faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa-da, bu yerda Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino kabi ensiklopedist olimlar tomonidan olamshumul ilmiy yangiliklar yaratildi va keyingi davrlardagi dunyo olimlarining aniq va tabiiy fan sohalaridagi faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
IX-XII asrlarda islom dunyosida ro‘y bergan va musulmon Renessansi deb ataladigan yuksak ilmiy-madaniy taraqqiyot XIII asrning birinchi choragida qattiq zarbaga - mo‘g‘ul istilosiga duchor bo‘ldi. Bu istilo islom dunyosining Markaziy Osiyo hududlariga misli ko‘rilmagan talofat yetkazdi.
Ammo 1360 yildan boshlab, Movarounnahrda Amir Temur tarix sahnasiga chiqdi. U o‘n yil davomida yurtni mo‘g‘ullar istilosidan ozod qilish uchun kurash olib bordi va 1370 yilda mustaqil davlat tuzishga erishdi. Keyingi yillarda Amir Temur ulkan saltanat tuzdi va hozirgi O‘zbekiston hududi va qo‘shni yerlar siyosiy-iqtisodiy jihatdan yuksak darajada rivojlandi. Amir Temur vafotidan so‘ng uning an’analari Temuriylar davrida ham davom ettirilib, ilm-fan va madaniyat yuksak darajada rivojlandi va Temuriylar renessansi fenomeni yuzaga keldi. Bu davrda avvaliga Samarqand, keyinchalik Hirot islom dunyosining eng rivojlangan shaharlariga aylandi. Samarqandda Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek aniq fanlarga ixtisoslashgan ilmiy markaz yaratdi, unda o‘z davrining mashhur olimlaridan Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy va Ali Qushchi dunyo ahamiyatiga molik ilmiy faoliyat olib bordilar.
Shunday qilib, IX-XI va XIV-XV asrlar Markazi Osiyoning ilmiy va madaniy sahnasida olim va mutafakkirlarning yorqin namoyandalari to‘planishi bilan nishonlandi. Ularning asarlari o‘rta asrlar Sharqining boshqa mintaqalaridagi olimlarning ilmiy merosi bilan birgalikda ko‘plab fan yo‘nalishlari poydevori sifatida jahon tamadduniga munosib hissa qo‘shdi. Mashhur yurtdoshimiz Imom pl-Buxoriy jamlagan ishonarli hadislar to‘plami esa, butun musulmon olami tomonidan Qur’ondan keyin ikkinchi tabarruk manba deb e’tirof etilib kelinmoqda.
IX-XII asrlarda musulmon olamida, jumladan Movarounnahrda ro‘y bergan yuksalishning sababi, ko‘pchilik olimlar va tadqiqotchilarning fikrlariga ko‘ra, islom dinining ilm-fan, ezgulik, tinchlik, mehnat va bag‘rikenglikka da’vati bilan izohlanadi. Islom dini mintaqamiz hududida yoyila boshlaganiga ko‘p vaqt o‘tmay buyuk ajdodlarimiz arab tilini o‘zlashtirib, unda o‘lmas asarlar yarata boshlaganlar va buyuk kashfiyotlar qilganlar.