Yelak - ayollar ustki kiyimi.
XIX asr oxiri - XX asr boshi. Ipak, chit mato, jiyak Ichan Qal'a muzey-qo‘riqxonasi kompleksi fondi. Xiva Ayollarning ustki kiyimlari etagi tomoniga kengayib boradigan, ixcham bichimli “misak”, “elak marosim” kiyimlari bazm, mehmonga borish uchun kiyilgan. Bu kiyimlar asosan sovuq ob-havoda kiyib yurish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, astar bilan asosiy matoning orasiga paxta qo‘shib, maxsus usulda mayda choklar bilan qavib tikilgan. “Misak” va “elaklar” asosan qizil va yashil rangli yo‘l-yo‘l yarim ipak “olacha” matosidan tikilgan, astariga och yashil rangli paxta mato ishlatilgan. Xorazm liboslarini tayyorlashda qo‘llanilgan qaviq usuli O‘zbekistonning boshqa hududlarida mavjud bo‘lgan usullardan tubdan farq qilib kelgan. Bu usulda mato yo‘llarining oralig‘i 0,5–1 smda juda mayda va bejirim tarzda tikilgan. Ustki kiyimlarning yon, etak va yenglarining ichki tarafi yarim ipak matodan ko‘ndalang qilib bichilgan, adip yoki qizil rangli ipakdan to‘qilgan “farovuz” jiyaklar bilan hoshiyalangan. Yon taraf qirqimida esa jiyaklarning cheti qizil, sariq, oq rangli iplar bilan choklab tikilgan. Bunday jiyaklar ustki kiyimning cho‘ntaklarining choklarini bezatishda ham keng qo‘llanilgan.