Xiva xonligi kiyinish madaniyati yuqori darajada boʻlganligi albatta aholining barcha yosh qatlamiga alohida kiyim tikib, kiyilganligi, kiyinish odobiga katta eʼtibor qaratilganligi va kiyinish madaniyati bilan bogʻliq, asrlar davomida shakllanib kelgan udum, anʼanalardan bilishimiz mumkin. Xiva xonligi kiyinish madaniyatida insonning jinsi, yoshi, jamiyatdagi tutgan oʻrniga qarab libos matosining rangi, bichimi, bezatilishi jihatidan biri-biridan ajralib turgan va bunda, bolalar kiyimi mustasno boʻlib qolmasdan, kiyinish estetikasiga alohida yondashilgan. Albatta, bolalarning har bir yoshiga, mavsumga, ulgʻayishiga qarab alohida kiyim tikilgan. Bola hayotga kelgan ilk kunlarida, goʻdakning hayoti uzun, bardavom boʻlish niyatida, oilaning yoshi eng ulugʻ buvi-momoning kiygan koʻylaklaridan yoʻrgak tayyorla-nib oʻralgan. Goʻdak yetti kunlik boʻlishi bilanoq, unga onaning eski koʻylaklaridan, yumshoq, mayin, choklari bolaning tanasiga botmaydigan mayda qilib kurtacha tikilgan. Yaxlit bichimdagi kurtacha koʻylaklar chaqaloqning 40 kunlik chilla davrida tugagunga qadar kiydirilgan va shu bois “chilla koʻylak” deb atalgan. Chilla tugagach bolaga bir taraf yelka yoki oldi ochiq, uzun, yaxlit bichimli koʻylaklar tikib kiydirilgan. Sovuq mavsumlarga alohida paxta yoki qoʻy, tuya juni solib qavib, qalinlashtirilgan “jubba” tikilgan. Koʻylaklarning uzunligi bolaning oyogʻini yopib turadigan darajada uzun boʻlgan. Bolalar koʻylaklarini turli rangli mato qiytiqlaridan tumor applikatsiyalar, rang-barang koʻrinish berib bezatilgan va porloq, uzun hayot ramzini bildirib turgan. Bolalar kiyimini tikishda yoqalar bolaning boʻyniga botmasligi maqsadida tikilmagan, tikilganda ham, qavib, qalinlashtirilmagan. Bolalar boshiga mahalliy kosiblar yoki onasi tarafdan tikilgan yumshoq qalpoqlar kiydirilgan. Bolalar qalpoqlarini tikishda, turli yorqin rangli mato qiytimlarini ulab tikilgan. Qalpoqlar marjon, ipak iplardan toʻqilgan popuklar bilan bezatilgan. Bola 7 yoshga kirganida kiyim bichimlari kattalar kiyimi bichimi bilan bir xil tikilib kiydirilgan. Xorazm aholisi oʻrtasida bosh kiyimsiz yurish odobsiz hisoblangani sababli, bolalar kichikligidan ushbu odobga oʻrgatilib tarbiyalangan. Bosh kiyim, yaʼni tahya, toʻppi oʻgʻil bola va qizlarniki rang, bezatilishi jiha-tidan ajralib turgan. Bolalar zargarlik buyumlari alohida eʼtiborga loyiq. Qizlar 9–12 yoshiga kirganda bayramga kiyish uchun moʻljallanib tikilgan tahya orqa qismiga mohir zargar ustalar tomonidan yasalgan zargarlik buyumi osma tumori qadalib bezatilgan. Shuningdek oʻgʻil bo-lalar kiyimi aksessuar va zargarlik buyumlari bilan bezatilgan, bularga kamarlar, kamarbogʻi misol boʻla oladi. Xorazmning tabiiy sharoiti hayvon jun va terisi-dan keng foydalanishni taqozo qilgani bois, bosh kiyimlar va ust kiyimlar teri va jundan koʻp tikilgan. Oʻgʻil bolalarga moʻynadan tayyorlangan bosh kiyimlar ihcham tarzda tikib tayyorlangan.Ust kiyimlar etagiga kengaygan, yenglari yaxlit bi-chimda tikilgan, ayrim namunalar mayda qaviq bilan qavilgan. Bolalar poyabzallari harakatiga qulay boʻlgan yumshoq charmlardan yoki qalin, pishiq matodan “adik” (etik)lar tikib tayyorlangan va shuningdek, jun tolala-ridan toʻqilgan paypoqlar kiydirilgan.