Behisutun yozuvlarida qadimiy Oʻzbekiston hududlarida meʼmorchilik, tasviriy va amaliy sanʼatning markaz va maktablari shakllangan uchta mavjud yirik davlati — Baqtriya, Soʻgʻdiyona va Xorazm haqida soʻz yuritilgan. Hunarmandlar orasida zargarlar, temirchilar, fil suyagi oʻymakorlari, toʻquvchilar, oʻq-yoychilar, kulollar qayd etiladi, lekin eng obroʻlisi “oltin va kumush, qoʻrgʻoshin va qalay, mis, bronza va temirda ishlovchi ustalar”ning kasbidir (Trever K. V. 1940. B. 14). Ular qimmatbaho metallar — kumush va oltindan, shuningdek bronza va misdan idishlar, jomlar, koʻzalar yasaganlar. Qimmat baho metallardan yasalgan torevtika koʻpincha hukmdorlar va zodagonlarga sotiladi yoxud tuhfa sifatida inʼom etiladi. Shu bilan birga mamlakatning muayyan madaniy va ular yasalgan markazining uslubiy anʼanalari haqida maʼlumotlar beradi. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning yana bir muhim jihati shundaki, ularning barchasi oliy tabaqa — hukmdorlar va amaldorlarga moʻljallab buyurtma asosida bajarilgan.Shu bois ham torevtika obyektlarining tasvir va syujetlari yunon, qadimgi Eron yoki hind-buddaviylik madaniyati anʼanalari bilan tanish boʻlgan zodagonlarning didi va xohish-istaklarini aks ettiruvchi va har doim ham aholining keng qatlamlari tomonidan tushunolmaydigan, mavzu va badiiy uslublar bilan belgilangan. Qadimgi va oʻrta asrlarda kumush va oltindan yasalgan buyumlarning mamlakat va hududlararo tarixiy koʻchib yurishi va kezishi, mahalliy hunarmandlarning chetdan olib kelingan buyumlarga taqlid qilishi, turli mintaqalardan kelib chiqqan buyumlarni bezashda universal xususiyatlarning shakllanishiga, texnologik, badiiy texnika uslublar oʻxshashligiga va mavzularning bir xilligiga yordam berdi. Kamdan-kam eksport qilinadigan va aniq arxeologik qatlamlardan topilgan kulolchilik buyumlaridan farqli oʻlaroq, sharqiy torevtika mahsulotlarini tavsiflashda tadqiqotchilar koʻpincha hatto muayyan bitta torevtika buyumni lokalizatsiya qilish va davriylashtirishda xato va tushunmovchiliklarga yoʻl qoʻyganlar. Oxir-oqibat, bu mintaqa sanʼati tarixidagi maʼlum bir davr manzarasi tasvirini buzib koʻrsatishga hamda maʼlum bir sanʼat maktabining mahalliy xususiyatlarini notoʻgʻri baholashga olib keldi. Ana shunday “drama” kumushdan yasalgan va “Baqtriya jomlari” deb nomlangan buyumlar sanasini belgilashda roʻy bergan. Ularning bir qancha namunalarining tegishligini mutaxassislar qadimgi Oʻzbekistonning janubiy va markaziy hududlari — Kushon Baqtriya yoki Baqtriya-Toxariston, shuningdek, Soʻgʻd va Xorazm bilan bogʻlashmoqda (Smirnov Ya. I. 1909; Trever K. V. 1940; Staviskiy B. Ya. 1960; Marshak B. I. 2017). Tarixiy manbalarga koʻra, qadimgi va oʻrta asrlarda yaxshi maʼlum boʻlgan qimmatbaho metallarning boy konlari mavjudligi, jumladan kumush va oltinni ishlab chiqarish sohasi rivojlangani, yuqorida qayd etilgan torevtika asarlari qadimgi Oʻzbekiston hududida yasalgani toʻgʻrisidagi xulosaning foydasiga gapiradi. XX asrning boshlarida Ya. I. Smirnov tomonidan “Ermitaj kolleksiyasidan Sharq kumushining Atlasi” tadqiqoti nashr etilishi Yunon-Baktriya va Qushon torevtikasini chuqur va tizimli oʻrganishning boshlanishiga sabab boʻldi (Smirnov Ya. I. 1909). Ermitajda mil. avv. VIII asrdan boshlab, to milodiy XII asrgacha yasalgan turli xil kumush va oltin buyumlar jamlangan va jahon muzeylaridagi sharq kumushlaridan iborat eng yirik kolleksiyalardan biridir. Soʻnggi ikki-uch asr mobaynida ham yigʻish ishlari, ham tasodifiy topilmalar hisobidan Ermitaj kolleksiyasini qimmatbaho metallardan yasalgan koʻplab Sharq buyumlari tashkil etdi. Ular Rossiya hududiga qadimgi savdo aloqalari jarayonida kelgan hamda Uraldan Oltoy va Sharqiy Sibirgacha boʻlgan turli qishloq va manzilgohlarda topilgan. Sharq sanʼatining mashhur yodgorliklari, shu jumladan tanga yozuvlari va shohlarning tasvirlari (bu ayniqsa, sosoniylar hukmdorlari tojlariga tegishli) buyumlardagi ikonografiyasini taqqoslash asosida, Ya. I. Smirnov bu obyektlarni yaratilishi mumkin boʻlgan asosiy tarixiy va madaniy mintaqalarni ajratib berdi. Bular: Mesopotamiya, Ahamoniylar Eroni, Yunon-Baqtriya, Kushon podshohligi, Sosoniylar Eroni, buddaviy Hindiston va Xitoy, shuningdek dashtli Sharq torevtika ustalarining anʼanalari (skif “hayvon tasvirlari uslubi”) alohida tilga olingan hamda endi musulmon davri IX–XIII asrlarga oid topilmalar ham yoritilgan.