XX asrda arxeolog va sanʼatshunoslarning tadqiqotlari tufayli, mintaqa sanʼat tarixining ellin va hind-buddaviy dunyosi doirasiga kirishi bilan bogʻliq eng yorqin sahifalaridan biri ochildi. Oʻzbekiston hududida qadimgi davr sanʼati mil. avv. IV asr oxiridan —milodiy IV asrgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi. Bu uzoq tarixiy davrdagi sanʼat yodgorliklari qadimgi Yunon, qadimgi Eron va hind-buddaviy gʻoyalari hamda anʼanalari Markaziy Osiyo madaniy makonining muhitiga kirib borishi va mahalliy sanʼat bilan boʻlgan oʻzaro taʼsirini koʻrsatadi. Aleksandr Makedonskiyning (keyingi matnlarda Iskandar Zulqarnayn) (mil. avv. 334–326-yillar) Oʻrta Osiyoga bosib kelishi Ahamoniylar davlatining mavjudligiga (mil.avv. VI–IV asrlar) chek qoʻydi va Oʻzbekistonning qadimiy sanʼat tarixida yangi — ellin davrining boshlanishini belgiladi. 330-yilda Iskandar Zulqarnayn janubiy Baqtriyani egalladi, lekin 323-yilda uning vafotidan keyin amalga oshirilgan buyuk imperiya satrapliklarning qayta taqsimlanishi siyosiy hokimiyat uchun kurash bilan kechdi. 306-yilda Aleksandr Salavka Baqtriyani boshqa mulklariga qoʻshib oldi. Salavkiylar davlatida hukm surgan siyosat tufayli yangi shaharlar vujudga keldi, ularning aholisi asosan makedoniyaliklar va yunonlardan tashkil topdi, bu ellin madaniyatining Eron, Oʻrta Osiyo va Hindiston mintaqalariga kirib kelishida muhim omil boʻldi.Yunon madaniyati va sanʼati anʼanalarining mahalliy ustalar tomonidan mukammal oʻzlashtirilishi va keng tarqalishi mil. avv. III asr oʻrtalarida Salavkiylar saltanati qulaganidan keyin, Oʻrta Osiyoda Yunon-Baqtriya podsholigi hukmdorlari oʻrnashib, Oʻzbekistonning janubiy hududlari ushbu davlat tarkibiga kirganidan soʻng boshlanadi. Bu yerdan ellin Yunon-Baqtriya sanʼati anʼanalarining taʼsiri Oʻzbekiston janubidagi vohalardagi kabi kuchli boʻlmagan qoʻshni viloyatlarga — Soʻgʻd, Choch, Fargʻona, Xorazmga tarqaladi. Iskandar Zulqarnaynning istilolari natijasida ellin madaniyati sharqdan Hindiston chegaralariga qadar yetib bordi. Bundan tashqari, bu jarayon ikki bosqichda sodir boʻlgan — birinchi ellin bosqichda (mil. avv. IV–I asrlarda) yunon sanʼati oʻzining ustuvorligini saqlab qolgan, lekin ikkinchi bosqichda (milodiy I–IV asrlar — Kushon deb nomlangan), hind-buddaviy haykaltaroshligi kushon sanʼatining mahalliy badiiy anʼana va tamoyillari negizida samarali qayta ishlana boshlaydi. G. A. Pugachenkova va L. I. Rempel Oʻzbekiston qadimiy sanʼatining yanada batafsilroq davriyligini belgilashadi: a) qadimgi antik — ellin bosqichi; b) erta kushon yoki tohariy bosqichi; v) kech antik — yoki kech kushon bosqichi (Pugachenkova G. A., Rempel L. I. 1965. B. 92). Qadimgi antik davrda Yunon-Baqtriya sanʼatining alohida oʻrni bor edi, uning yodgorliklari yunon madaniyati anʼanalari va Oʻrta Osiyo, Eron, Xitoy hamda Hindiston sanʼatlarining noyob simbiozining oʻziga xos katalizator vazifasini bajardi. Yunon-Baqtriya saltanati mavjud boʻlishining nisbatan qisqa davriga qaramay (mil. avv. 250–135 yy.), aynan shu davrda gʻarbiy-sharqiy anʼanalarning madaniy oʻzaro taʼsirining muhim jarayonlari sodir boʻlib, bu Yunon-Baqtriya sanʼati hodisasini keltirib chiqardi va keyinchalik Oʻzbekiston qadimiy sanʼatining shakl va uslublarini yanada rivojlanishiga turtki berdi.
Akbar Hakimov OʻZBEKISTON SANʼATI TARIXI