Xorazmning shimoliy hududlarida erkaklar va ayollarning choponlari bir xil matolardan, biri-biriga yaqin bichimlarda tayyorlangan. Keyinchalik ayollar choponlari o‘rniga, ularga ish sharoitida qulaylik tug‘diradigan, o‘rta uzunlikdagi, tor bichimli kamzullar kiyish boshlandi. Kamzullar asosan qora rangli baxmaldan, astarlari esa gulli va naqshinkor chit matolaridan tayyorlanardi. Keksa ayollarning kamzullari ham qora rangli baxmaldan bo‘lsa-da, ularning astari sokin rangdagi matolardan tikilgan. Kamzul kiyish odati Xorazm vohasiga Qo‘qon xonligidan kirib kelgan bo‘lsa-da, xorazmlik ayollar kamzullarni rangli kashtalar bilan bezash hisobiga bu kiyimga mutlaqo yangicha ko‘rinish va tus berishga erishishgan. Kamzullar ko‘ylaklar va nimcha ustidan kiyilgan va tor bichimli yenglari ichidan ko‘ylakning uzun yenglari ko‘rinib turgan. Xiva xonligida doim shariat qoidalariga amal qilingan. Ayollar biron yumush bilan ko‘cha-ko‘yga, bozorga chiqishganda bosh kiyimlari ustidan yuzlarini berkitish uchun paranji, chachvon, “chashibomd” yopib yurganlar. Xorazm ayollari paranjisi boshqa xonliklardagi ayollar paranjisi bilan o‘xshash bo‘lgan. Paranji asosan yashil rangdagi yarim ipak matosidan, astari esa chit, satin matolaridan tikilgan. Paranji bo‘yiga uzun bichimli, soxta yenglari orqa bel qismida maxsus jiyak bilan tikib qo‘yilgan. Chachvon “chashibomd” paxta tolalaridan tayyorlangan ip bilan ot yolining tolalari qo‘shib to‘qilgan va havo o‘tkazuvchan bo‘lgan.