Xiva xonligida ayollar libosi rang va dekorativ yechimi bilan farq qilgan. Ayollar liboslari asosan gulsiz va naqshsiz sidirgʻa matolardan tikilgan. Koʻylaklar monoxrom rangda boʻlsada, ayollar kiyimi xorazmlik iqtidorli zargarlar tomonidan yuksak mahorat bilan ishlangan zargarlik buyumlarini koʻplab taqilishi hisobiga boy va bashang koʻrinish bergan. Xorazm ayollari libosida qizil rang ustunlik qilgan va kiyimlarning koʻpchiligi aynan lolarang va anor rangli matolardan tayyorlangan. Ayollar garderobining tarkibiga asosan “yelka ichkiyim”, “goʻynak”, “bel ichkiyim”, “ishton” va yupqa qavat paxta qoʻshib mayda va pishiq qavilgan ustki kiyimlar “yelak”, “misak”, turli shakldagi bosh kiyimlar: “tahya” doʻppilar, “bosh oʻrau”, murakkab shaklga ega “lachak”, “zirak”, “isirgʻa” kabi bir qancha zargarlik buyum va bezaklaridan iborat toʻplamlar, shuningdek, turli oyoq kiyimlar: “kavush”, “adik”,“maxsi”lardan iborat boʻlgan. Ichkoʻylaklar yaxlit, keng, yenglari uzun, yoqa oʻmizi uchburchak yoki aylana shaklda boʻlib, ipakdan toʻqilgan jiyaklar bilan hoshiyalangan. Qizlar va yosh ayollarning koʻylaklari asosan yorqin rangli paxta va ipak matolardan tikilgan. Oʻrta yoshli ayollarning koʻylaklari uchun esa binafsha, koʻk, moviy, yashil rangli matolar tanlangan. Keksa ayollar asosan oq rangli matolardan, baʼzan mayda gul bosilgan chit koʻylaklar kiyishgan.