Xiva xonligi davridagi erkaklar kiyimlarining asosiy xususiyatlaridan biri tor va ixcham bichimli, sovuq va issiq havoga moslashtirilgan, matosi pishiq toʻqilgan, yenglari tor va uzun boʻlgan. Ichkiyimlar yengil oq rangdagi matolardan tikilgan, bichimi keng va yenglari uzun boʻlgan. Yoqa oʻmizlari qizil, oq rangli ipak iplardan toʻqilgan jiyaklar bilan hoshiyalangan. Ayrim nusxalarida esa kashta bilan bezak berilgan va ushbu bezak kiyim egasining jamiyatda tutgan baland mavqeini bildirib turgan. Belkiyimi “ishton”, “chalvar” deb nomlanib, ular tor yoki keng bichimda boʻlgan. Tor bichimli ishtonlar yung, paxta tolalaridan toʻqilgan matodan tikilgan va asosan oddiy aholi va mehnatkashlar kiyimi hisoblangan. Amaldorlar va oʻziga toʻq tabaqa vakillari keng bichimli, shoyi, paxta va zigʻir tolalaridan yaxshi ishlov berib toʻqilgan mayin matolardan tikilgan “chalvar”lar kiyishgan. Odatda kiyib yurgan kiyimiga qanchalik koʻp mato sarflangan boʻlsa, demak bu kiyimlarni kiygan kishining moddiy mavqei balandligi koʻrinib turgan.
Qo'ziyeva Malika Xonliklar davri oʻzbek milliy libosi tarixi