Xorazm vohasidagi erkaklarning qadim kiyinish aʼanalarniing koʻpchiligi bugungi kungacha yetib kelgan. Erkaklar tarixiy kiyimlari tarkibiga ichki “yelka”, “belkiyim”, “yaktak”, “ishton-chalvar”, “cholbir”. Ustki kiyimlar: “doʻn”, “astardesh” , “chakmon”, charm va moʻynadan tikilgan “poʻstin”, bosh kiyimlardan “tahya”, “choʻgirma”, bezaklar: “belbogʻ”, “turma”, “madali belbogʻ” , poyabzallar: charm adik (etik) kirgan. Erkaklar ustki kiyimining turlari koʻp boʻlgan: “doʻn” , “chopon”, “astardesh – yelvagay”, “chakmon” , “poʻstin”, “kamzul”, “avra toʻn”larning barchasi uzun, oldi ochiq, yoqa oʻmizi uch burchak yoki aylana, yenglari tor bichimli, uzun, iqlimning issiq kunlariga yengi kalta ustki kiyimlar kiyish odat boʻlgan. Yengil yelka kiyimi asosan ichkiyim sifatida foydalanilgan. Ichkiyimlar koʻpincha paxtadan toʻqilgan, oq rangli mahalliy matolardan tikilgan. Ularning oʻzi ham, yenglari ham uzun, gorizontal yoqa oʻmiz bichimli boʻlgan. Shuningdek, “jubba”, “kurta”, “yaxtak”, issik kunlarda esa “yalangqat” degan yengil ichki kiyim, “jubba” va “kurta”larning paxta qoʻshib qavilgan qalinlashtirilgan variantlari havo sovuq mavsumlarda kiyilgan. Ustki kiyimlarning uzunligi, bezatilishiga qarab, uning egasi qaysi ijtimoiy tabaqaga mansubligi, jamiyatda tutgan oʻrni haqida maʼlumot berilgan. Yuqori tabaqaga mansub kishilar va amaldorlarning ustki kiyimlari uzunligi boʻyi barobar, yuqori sifatli shoyi kimxob (parcha), banoras, baxmal matolardan, ayrim hollarda yoqa oʻmizidan etagigacha moʻyna qoʻshib tikilgan. Xivadagi Ichan-Qalʼa Davlat oʻlkashunoslik muzeyida Muhammad Rahimxon II Feruzga tegishli boʻlgan baxmal chopon va tulki moʻynasidan tikilgan pochapoʻstin Xorazm xonligi davri erkaklar ustki kiyimlari namunalari hisoblanadi. Quyi tabaqa vakillarining ustki kiyimlari mahalliy kosiblar tomonidan toʻqilgan boʻz, paxta matolardan tikilgan boʻlib, odmi, bezagi kam yoki umuman bezaksiz boʻlgan. Yoqa oʻmizi tikilish texnologiyasi va bichimi jihatidan Soʻgʻd va Baqtriyaliklarning kiyimlarini yoqalariga oʻxshashligi boʻlgan.
Qo'ziyeva.M Xonliklar davri oʻzbek milliy libosi tarixi