Musulmon mamlakatlari tarixida bolalarga saboq berish mavzusiga alohida e'tibor qaratilgan. Bolalar boshlang‘ich maktablar va darsxonalarda zarur bilimlar va ma'lumotlar olibgina qolmasdan, ruhiy va jismoniy jihatdan rivojlanishlari zarur deb hisoblangan. Buyuk ajdodimiz Ibn Sino, 12-asrda Damashqda yashagan va faoliyat yuritgan mashhur shifokor Ash-Shayzari maktabdor-ustozlar bolalarga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishlari lozimligini o‘z asarlarida yozib qoldirganlar. Jumladan, ular bolalarni jismoniy jazolash, ularga quvvatlari yetmaydigan ishlarni topshirishni tavsiya etmaganlar va bunday holatlar na bolalar, na jamiyatga foyda keltirmaydi, deb hisoblaganlar.
Buyuk olim al-G‘azzoliy ham 11-asrdayoq "bolalarga ta'lim berish jismoniy o‘yinlar bilan teng ravishda olib borilishi kerak, bilaks, ularni bosh ko‘tarmasdan ilm o‘rganishga majbur qilish malol keladi, qalblariga qulf soladi va zakovatlarini o‘tmaslashtirib qo‘yadi. Shunda ular mashg‘ulotlarga chap berishga urina boshlaydilar. Binobarin bolalar o‘yinchoqlar o‘ynashlari, qo‘g‘irchoqbozlarning tomoshalarini ko‘rishlari va jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishlari kerak", deb yozgan edi.
Musulmon olamining dastlabki maktablarida asosan ma'lumot tarqatish bilan shug‘ullanganlar. Jome masjidlar va madrasalarda olimlarning o‘zaro fikr almashishlari odatiy holat hisoblangan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk muhaddislarning, Ibn Sino, Farg‘oniy, Xorazmiy, Ibn Xoldun kabi ulug‘ olimlarning shakllanishlarida ham ilmiy munozaralar va ma'lumot almashishlar muhim o‘rin tutgan. Hozir ham tabarruk Makkadagi Haram masjidi, nurli Madinadagi Payg‘ambar Haram masjidi va Quddusi sharifdagi Al-Aqso masjidida maxsus xonalar jihozlangan bo‘lib, u yerlarda ulamolarning xalqaro mashvaratlari tashkil etib turiladi.
Zamon o‘tishi bilan maktablar zamonaviy tus va shaklga ega bo‘ldilar. Ta'lim maktablari va madrasalarga yoshlarni har tomonlama ilmli, ziyoli va jismonan sog‘lom qilib kamolga yetkazish topshirilgan. Ilmiy maktablarga esa, hamon olimlarni shakllantirish vazifasi yuklangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbuslari bilan barpo etilgan Samarqandda Hadis maktabi, Buxorodagi Oliy Mir Arab madrasasi, Toshkent Islom instituti, Xalqaro Islom akademiyasi Buxoriy, Termiziy, Nafasiy, Dorimiy, Zamahshariy va boshqa qator islomiy ilmlarga, islom xazorasiga katta hissa qo‘shgan ulamolarimizning an'analarini davom ettira oladigan va zamon talablariga javob beradigan mutaxassis-olimlarni yetishtirish yo‘lida faoliyat olib boradilar.