Yozuv va kitob insoniyatning buyuk kashfiyotlaridir. Agar yozuv boʻlmaganida, insoniyat oʻz tarixi toʻgʻrisida maʼlumot qoldira olmas va maʼlumotga ega boʻlmasdi.
Markaziy Osiyo xalqlari, jumladan oʻzbek xalqi yozuv yaratish sohasining barcha ijodiy, tarixiy bosqichlaridan, yaʼni qoyatosh suratlaridan (petrogliflar) tortib soʻgʻd va baqtriya (boxtar) yozuvigacha bosiqichlaridan oʻtdi. Ammo oʻrta asrlardagi asosiy ilmiy merosimiz arab yozuvida amalga oshirildi. Islom dinining tarqalishi, albatta Qurʼoni Karim va hadislar vositasida, ularni targʻib qilish, oʻqish, oʻrganish vositasida amalga oshirildi. Arab tilini tez oʻzlashtirib olgan, oʻzlashtiribgina qolmay uning grammatik meyorlarini ishlab chiqqan (Zamahshariy) buyuk ajdodlarimiz ushbu yozuv va tilda, Yaratganning “Oʻqi!” degan daʼvatiga javob berib, astronomiya, meditsina, matematika, maʼdanshunoslik, tariq, mantiq, tafsir, hadisshunoslik va boshqa sohalarda ilmiy asarlar yozishda peshqadamlik qildilar. Millatimiz va yurtimiz shaʼnini abadiylashtirdilar va sharafladilar. Kitob ajdodlarning kelgusi avlodlarga vasiyatidir. Sharqda kitob, boshqa xalqlardagi kabi, birinchi navbatda bilim manbai boʻlgan va muallifning donishmandligini aks ettirgan. Ayni paytda, unda xattot mahorati, mavzuli rangtasvir, naqsh va muqova sanʼati xususiyatlari mujassamdir. Sanʼat va hunarmandchilik tushkunlikka uchragan davrlarida ham qoʻlyozma kitoblarni ziynatlash davom etgan. Kitob yaratish uzoq va mashaqqatli jarayon boʻlib, qator hunarmandlar, mutaxassislar ishtirokini talab qilgan. Samarqand qogʻoz tayyorlashda azaldan nafaqat Movarounnahrning, balki sharqning markazi hisoblangan. Markaziy Osiyoda qogʻoz yetishtirib beruvchi markaz Samarqand, soʻngra Qoʻqon boʻlgan. Bu markazlarda qoʻlyozma kitoblar, qozixonalar, devon va hk.lar uchun yuqori sifatli, Samarqand, Qoʻqon qogʻozlari yetkazib berilgan. Bu qogʻozlarning qalin, nafis, shardiroq, ipak, ohorlangan va ohorsiz navlari mavjud boʻlgan. Sahhoflar – muqovasoz ustalar buyurtmachining xohishiga koʻra qoʻlyozma qogʻozining navi, oʻlchamini belgilab, kitobning tani - juzvini tayyorlab berganlar.
Qoʻlyozmani yaratishda xattotlarning mehnati muhim sanalgan. Ular qoʻlyozma bezagi, siyohi, xat turi kabi jihatlarini eʼtiborga olgan holda asarni shohona tarzda koʻchirganlar. Kitob mazmunini ochib beradigan kichik hajmda ishlangan rasmlar - kitobat sanʼatinig eng ajoyib qismi hisoblanadi. Oʻrta asrlarda Arab xalifaligida, Misr, Suriya, Eron, Oʻrta Osiyo, Turkiyada, Hindistonda bu sanʼat keng tarqalgan edi. Amir Temur kitob miniatyura sanʼatini rivojlanishiga keng yoʻl ochib bergan. Qoʻlyozma kitobdagi miniatyura-rasm Amir Temur davrida tasviriy sanʼatning devoriy rassomlikdan keyingi ikkinchi yoʻnalishi sifatida rivoj topdi. Ulugʻbek hukmronligi davrida diqqatga sazovor rangtasvirli qoʻlyozmalar yaratildi. Yangi rassomlik maktablari dunyoga keldi: u badiiyotni rivojlantirdi, ijodiy izlanishlarga toʻla murakkab yoʻlni bosib oʻtib, ijodiy tajribalarini oshira bordi. Rassomlik maktablari oʻzaro aloqada, taʼsirda boʻlib, Oʻrta Sharq miniatyurasining nodir namunalarini yaratishga har biri oʻz ulushini qoʻshdi. Mirak Naqqosh, Kamoliddin Behzod, Xoja Muhammad Naqqosh, Shoh Muzaffar, Qosim Ali va boshqa isteʼdodlar faoliyat olib bordi.
XVI asrda Shayboniylar davrida miniatyura sanʼati Buxoro, Samarqand va Shohruxiyada rivojlangan. XVII asrda Buxoro miniatyura maktabi yetakchilik mavqeini saqlab qoladi. Bu davrda uning uslublari xilma-xil boʻlib boshqa zamonaviy sharq miniatyura maktablarining taʼsiri sezilib turgan. XVIII-XIX asrlar Buxoro, Qoʻkon, Xiva qoʻlyozmalarini miniatyuralar va kitobiy naqshlar bilan bezatganlar. XX-XXI asrlarda Oʻzbekiston xududida kitobat, xattotlik va miniatyura sanʼatining tadrijiy rivoji davom etib kelmoqda.