Buxoro erkaklar milliy libosining asosiy kiyimi hisoblangan ustki kiyimlar iqlimning haroratiga qarab astarli, astarsiz, qavilgan, bichimi jihatidan deyarli bir xil boʻlgan. Ustki kiyimlar bashang, hashamatli, serjilo, naqshinkor, yorqin rangli, zardoʻz kashtalar va boʻrtma naqshlar bilan boy bezatilgan. Zodagonlarning ustki kiyimlariga katta mahorat bilan ishlov berilishi, qimmatbaho matolardan tikilishi, bezaklarining koʻpligi, har biriga moslab tanlangan tugmalar, kamarlar, belbogʻlar, bogʻichlar, popuklar, hatto qurollar Buxoro erkaklar kiyinish madaniyatini yuksak did, estetika va sanʼat darajasiga koʻtarilganidan dalolatdir. Ayniqsa, Oʻrta asrlardagi tasvirlarda Buxoro xonining bellari ixcham faradj choponlarining yelkalaridan tortib orqa, old taraflarida va etaklaridagi naqshinkor kashtalari oʻz davrining kiyinish madaniyatidagi did saviyasini koʻrsatib turadi. Faradjlarni buxorolik eng mashhur kosiblar toʻqigan nozik shoyi va ipak matolardan mahorat bilan yagona va betakror namunalari yaratilgan. Buxoroliklarning yana bir ustki kiyimi “kaba” boʻlgan. Bu ustki kiyim odatda ichkiyim hisoblangan koʻylak yoki yaktakning ustidan kiyilgan boʻlib, qaysidir maʼnoda uzun koʻylak – chopon rolini oʻynagan. Uni belbogʻ yoki kamarbandga taqilgan juda boy bezatilgan qilich, xanjar yoki pichoq hamda tangalar solinadigan kashtalangan charm qopchiq ham boʻlgan. Chopon va toʻn asosan ustki mato va astar orasiga paxta qoʻshib qavib tikilgan, qaviqlar masofa oraligʻi 4–6 smdan iborat boʻlgan. Toʻnlar uzunligi oyoq tizzasi chigʻida boʻlgan.