Kelinlar toʻy marosimida kiyadigan “tirmakoʻynak” (nikoh koʻylagi) mahalliy kosiblar tomonidan yoki Qoʻqon, Buxoroda toʻqilgan, shuningdek, savdogarlar Eron, Hindistondan olib kelgan oliy navli qirmizi, lola rang shoyi matolaridan tikilgan. Ayollarning ustki kiyimlari etagi tomoniga kengayib boradigan, ixcham bichimli “misak”, “yelak marosim” kiyimlari bazm, mehmonga borish uchun kiyilgan. Bu kiyimlar asosan sovuq ob-havoda kiyib yurish uchun moʻljallangan boʻlib, astar bilan asosiy matoning orasiga paxta qoʻshib, maxsus usulda mayda choklar bilan qavib tikilgan. “Misak” va “yelaklar” asosan qizil va yashil rangli yoʻl-yoʻl yarim ipak “olacha” matosidan tikilgan, astariga och yashil rangli paxta mato ishlatilgan. Xorazm liboslarini tayyorlashda qoʻllanilgan qaviq usuli Oʻzbekistonning boshqa hududlarida mavjud boʻlgan usullardan tubdan farq qilib kelgan. Bu usulda mato yoʻllarining oraligʻi 0,5–1 smda juda mayda va bejirim tarzda tikilgan. Ustki kiyimlarning yon, etak va yenglarining ichki tarafi yarim ipak matodan koʻndalang qilib bichilgan, adip yoki qizil rangli ipakdan toʻqilgan “farovuz” jiyaklar bilan hoshiyalangan. Yon taraf qirqimida esa jiyaklarning cheti qizil, sariq, oq rangli iplar bilan choklab tikilgan. Bunday jiyaklar ustki kiyimning choʻntaklarining choklarini bezatishda ham keng qoʻllanilgan.