Chor minor (fors. - to‘rt minora) Buxorodagi me’moriy yodgorlik (1807). Xalfa Niyozqul qurdirgan. Chor minor an’anaviy usulda qurilgan masjid, bir qavatli Madrasa, atrofi bir qavatli xujralar bilan o‘ralgan hovlidan iborat.
Sinchli peshayvon tipidagi masjid hovlining janubiy g‘arbiy burchagida joylashgan. Madrasaga 2 qavatli, gumbaz tomli darvozaxona orqali kiriladi. Murabba tarxli darvozaxona o‘ziga xos mujassamot yechimiga ega: oldi peshtoqli, to‘rt burchagida to‘rtta minora joylashgan (nomi ham shundan), minoralarning tepa qismi gumbaz shaklida yakunlangan bo‘lib, ular sirkori koshinlar bilan bezatilgan. 2 qavatli xonaning 1qavati miyonsaroy ko‘rinishida bo‘lib, izoralari toshlar bilan qoplangan, tomi gumbazli, 2 qavati kutubxona, kutubxonaning shifti pastak gumbazli bo‘lib, sodda muqarnaslar halqasi bilan to‘ldirilgan. 2 qavatga minoralarning biridagi zina orqali chiqiladi.
O‘sha davr taqozo qilgan sharoitga ko‘ra, Chorminor hujralarida yashagan fuqarolar 1961-1962 yillarda yangi qurilgan ikkita binoga ko‘chirilgan. Bu yerdagi masjid tuz omborxonasi sifatida foydalanilganligi bois yaroqsiz holga kelgan va buzib tashlangan. Madrasa hujralari buzilib, bir qismi namuna sifatida qayta ta’mirlab ko‘yilgan.
Bugungi kunga kelib, Chor Minor kirish qismi minoralari, eski hovuz va Madrasa qayta ta’mirlanib, oldingi shakliga keltirildi.
O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.