Kamol qozi madrasasi - Qo’qondagi me’moriy yodgorlik (19-a.). Kamol qozi madrasasi binosi darsxona, ayvonli masjid, hovli va kichik hujralardan iborat. Darvozaxona serhasham bo’lib, Xudoyorxon o’rdasida bo’lgani kabi bu binoda ham faqat kirish qismi (sirti) zeb berib ishlangan.
Peshtoq tepasi rangbarang naqshlar bilan qoplangan bo’lib, handasiy shakllar arabiy bitiklar bilan uyg’unlashib ketgan. Peshtoqining ikki yonidagi ustungo’shalar yuqorisi bezakli kafasa bilan yakunlangan. Darvozaxona ikki qavatli. Ustki qavatdagi darsxona oldi peshayvonli bo’lib, panjara bilan to’silgan. Tomi 4 qirrali-chortark gumbaz bilan qoplangan. Hovli atrofiga masjid va hujralar qurilgan. Masjid 4 ustunli, sharq tomoni ochiq, to’sin tashlab qurilgan ayvoni bor. Uning ichki tomoni ganch bilan ishlangan. Sirti suvoqsiz. K. q. m. me’morligida qo’qonlik xalq ustalarining an’analari o’z ifodasini topgan. Madrasa ta’mir qilinib, undan mehmonxona sifatida foydalanilmoqda.
O’zbekiston milliy ensiklopediyasi, birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.