Matniyoz devonbegi madrasasi — Xivadagi me’moriy yodgorlik (1871). Xon devonbegisi Matniyoz (Muhammad Niyoz) qurdirgan. Bosh tarzi Muhammad Aminxon madrasasiga qaragan.
Madrasa bir qavatli, to’g’ri to’rtburchak tarxli (36,45x31,8 m). Hovli (21X17 m) atrofida hujralar joylashgan. Bosh tarzi ulkan peshtoqli, uning yonlariga 3 tadan yoysimon ravoqlar ishlangan. Burchaklaridagi minoralar tepasi gumbazli me’zanalar bilan yakunlangan. Kiraverishdagi yog’och o’ymakorligida bezatilgan eshik orqali miyonsaroyga kiriladi. Miyonsaroy gumbazi qalqonsimon bag’allarga tayangan. Miyonsaroy yonlarida hovli bilan o’zaro bog’langan darsxonalar joylashgan. Hovli atrofidagi hujralar oldi ravoqli. Janub tomonidagi peshtoq-gumbazli masjiddan ayvon sifatida foydalanilgan. Darsxona va masjid gumbazlari o’zaro kesishgan toqilar ustiga o’rnatilgan, hujralar balxi gumbazli. Bosh tarzi Xorazm me’morligiga xos uslubda (ko’k, oq va havo rangli koshinlar bilan) bezatilgan.
O’zbekiston milliy ensiklopediyasi, birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.