O'z Ўз En Ru Ar
×

Yuksak madaniyat va ma’rifat sohibi

Tom ma’noda ziyoli inson dunyoning bezagi bo’lib, yon-atrofdagi kishilarga o’z ilmi va salohiyati bilan  manfaat keltirib yashaydi, jamiyatda o’z o’rniga ega bo’ladi. Bunday insonlardan yorqin xotira qoladi va odamlar unga hamisha hurmat bajo keltiradilar. Bu esa hammaga ham nasib etavermaydi. Bunday yuksak ehtirom nasib etish uchun inson chuqur bilimlar sohibi bo’lishi, tinimsiz mehnat qilishi,  o’z ustida ishlashi va oldiga qo’ygan maqsadlariga erishish uchun dadil harakat qilishi zarur.

Asrlar davomida barkamol avlod tarbiyasi insoniyatning eng yorqin orzusi bo’lib kelgan. O’tgan barcha ulug’ mutafakkir ajdodlarimiz o’z asarlarida ana shu g’oyani izchil ilgari surishgan.

Forobiyning «Fozil odamlar shahri» asaridagi g’oyani yodga olsak, fozil inson o’z yurtining barcha qonun-qoidalarini yaxshi biladi, unga amal qiladi, fikrlaydi, o’z kasbini ardoqlaydi, lozim bo’lganda Vatani uchun jon fido etadi.

Ana shunday fidoiy ajdodlarimizdan biri mashhur Muftiylar sulolasi vakili, Shayx Eshon Boboxon hazratlarining nabirasi, Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlarining o’g’illari  Shamsiddinxon  Boboxonovdir.

Shu o’rinda falsafa fanlari doktori, professor Saidmuxtor Saidqosimovning  muftiylar sulolasi haqida yozgan “Ulug’ insonlar ma’naviyati” kitobidan iqtibos keltirishni lozim topdik:

“U kishi(Sh.Boboxonov)ning e’tiborni tortuvchi xususiyatlaridan biri, nazarimda, ochiq chehrasidan, atrofga mayin nazar tashlovchi ko’zlaridan nur taralib, har bir ko’rishgan, uchrashgan odamni o’ziga qaratar edi. Ular bilan muloqotda bo’lgan ko’plab suhbatdoshlarda ayni shunday taassurot yodda qolgan.”  

Mana shu satrlar bu ulug’ insonning odamiyligi, yuksak madaniyati  va samimiyligini yaqqol namoyon etadi.

Shamsiddinxon Boboxonov 1937 yilda Toshkent shahrida, taniqli din arboblari Eshon Boboxonovlar oilasida dunyoga kelgan. Ustoz Shamsiddinxonning har tomonlama yetuk, ilm-ma’rifatli va yuksak salohiyat sohibi bo’lib yetishishida ana shu muborak xonadondagi ma’naviy muhitning ta’siri katta bo’lgan. Yoshligidan diniy va milliy qadriyatlar e’zozlangan oilada tarbiya topishi, ilmiy va ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etishi, diniy ulamolarning yonida bo’lib, ulardan odob-axloq namunalarini o’rganishi yosh farzandning ongu shuuriga ilmga, ma’rifatga bo’lgan muhabbatini oshiradi.   

1955 yilda Shamsiddinxon o’rta maktabni bitirib, Toshkent Chet tillar institutining ingliz tili filologiyasi fakultetiga o’qishga kiradi. Institutni a’lo baholar bilan tamomlagach, 1961 yili SSSR FAda Sharqshunoslik instituti qoshidagi aspirantura bo’limida o’qishni davom ettiradi va shu yerda arab tiliga qiziqib, bu tilni mukammal o’rganadi. Arab tilini yaxshi o’zlashtirganligi bois, 1962 yilda u Moskvada yangi tashkil etilgan Ittifoq musulmonlar tashkilotlari xalqaro aloqalar bo’limida ishlay boshlaydi.

Sh.Boboxonov 1963-1966 yillari Misr Arab respublikasida tahsil oladi. Ushbu davr  tafsilotlarini professor S.Saidqosimov o’z kitobida shunday ifoda etadi:  

“Arab tilini mukammal o’rganish maqsadida Sh.Boboxonov Qohira universitetining “Dar al-Ulum” — arab filologiyasi fakultetiga biriktirilgan. U butun vujudi bilan o’qishga berilib, o’sha davrda mashhur Misr yozuvchisi va tarixchi olimi, zamonaviy arab adabiyotining asoschilaridan biri Toxa Husayn (1889-1973) tomonidan endigina tashkil qilingan klassik arab filologiyasi kafedrasida o’z tadqiqotlarini boshlagan va bu mohir pedagogning sermazmun leksiyalari, foydali suhbat va maslahatlaridan bahramand bo’lgan...

1963-1966 yillar davomida Qohirada muttasil o’qish jarayoni yosh tadqiqotchining nafaqat arab tilining boyishiga, ayni paytda uning diniy bilimlari ham kengayib, islomiy e’tiqodi kuchayishiga kuchli turtki bergan.

1964 yili Misr Oliy ta’lim vazirligi sovet tadqiqotchilarining islomga bo’lgan katta qiziqishlarini hisobga olib, ularning bir guruhini ham lisoniy, ham diniy bilimlarini chuqurlashtirish maqsadida Al-Azhar universitetiga yo’llagan. Shamsiddin aka uchun bu ayni muddao edi. Boshidanoq o’z vaqtini to’g’ri rejalashtirib, bu maskanning ham katta ilmiy salohiyatidan unumli foydalanib qolish padari buzrukvorining bosh maslahatlaridan biri edi”.

Al-Azhardagi tahsilini muvaffaqiyatli tugatgach, 1966 yili u yana Moskvaga qaytadi va  otasi Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonning sodiq yordamchisiga aylanadi: xorijiy mamlakatlar musulmonlari bilan xalqaro aloqalarni o’rnatish va rivojlantirish ishlarida faol ishtirok etadi.

Aynan, shu davrlarda Shamsiddinxon Boboxonov mamlakatning  yirik sharqshunos va tilshunos olimlari bilan ilmiy muloqotlarda bo’ladi va bu suhbatlar uning hayotida o’chmas iz qoldiradi. Ana shu muloqotlar samarasi ta’sirida 1973 yilda u Moskvada “Arab tilida ikkilangan sonlar kategoriyasi” (“Kategoriya dvoystvennыx chisel v arabskom yazыke”) mavzusidagi nomzodlik dissertasiyasini yoqlaydi.

O’z ilmiy salohiyatini oshirib 1974 yilda O’zbekistonga qaytgan Shamsiddinxon Boboxonov Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti prorektori bo’lib ish boshlaydi. Topshirilgan vazifalarga mas’ullik bilan yondoshuvi, ilmiy salohiyati va ustozlik ko’nikmalari yuksak darajada namoyon bo’lganligi bois, bir yildan keyin u institut rektori etib tayinlanadi.

Institutda ishlagan kezlarida uning tashkilotchilik qobiliyati g’oyat ish berdi. U institutning moddiy-texnikaviy asosini va ilmiy salohiyatini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratdi. Turli mamlakatlardagi diniy o’quv yurtlari, tadqiqot markazlari va tashkilotlari bilan yaqin aloqalar o’rnatib, o’quv dargohini muntazam rivojlantirdi. Talabalarga dars berish uchun eng mohir, tajribali din olimlari, sharqshunos va tilshunoslarni ishga taklif etdi. Diniy o’quv yurtlari talabalari uchun darslik va qo’llanmalar chop ettirdi. U O’rta Osiyolik va xorijiy olimlarning ilmiy kitoblarini chuqur o’rganib, ularning tarjimalarini nashr qildi. Aynan, shu yillarda islom dunyosi olimlari orasida Shamsiddinxon Boboxonov yirik olim va din arbobi sifatida yuksak e’tirofga sazovor bo’ldi.

1982 yildan 1989 yilga qadar O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi bo’lib xizmat qilgan Shamsiddin Boboxonov   xalqaro xorijiy anjumanlarning tashkiliy qo’mitalariga a’zo bo’lib, ularning ishida faol qatnashdi. Ma’ruzalarida musulmonlarni xalqlar o’rtasida tinchlik va do’stlikni mustahkamlashga, mutaassiblik va terrorchilik va zo’ravonlikka qarshi kurashga chaqirdi.

Shamsiddinxon Boboxonovning Butunjahon Tinchlik Kengashi, Masjidlar bo’yicha Butunjahon Oliy Kengashi, Osiyo va Afriqa xalqlari birdamligi Sovet qo’mitasi va Tinchlikni himoya qilish qo’mitalariga, Sovet va O’zbekiston Tinchlik jamg’armalari kabi qator butunjahon, xalqaro va respublika miqyosidagi tashkilotlarga a’zo qilib saylanishi uning ezgu xizmatlari keng e’tirof etilganining dalilidir. U ma’rifiy-ma’naviy sohadagi ishlari uchun Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro mukofotga sazovor bo’lgan, 1985 yili Iordaniya Qirollik akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan. Xalqlar o’rtasida tinchlik va do’stlikni mustahkamlashga qo’shgan hissasi uchun “Xalqlar do’stligi” ordeni bilan mukofotlangan. Shuningdek, ko’p mamlakatlarning faxriy yorliqlari va esdalik nishonlari bilan taqdirlangan.

Shamsiddinxon Boboxonov iste’dodli tashkilotchi sifatida masjidlarni, me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash, maydonlarni obodonlashtirish, diniy-ilmiy kitoblarni nashr ettirish borasida ibratli ishlarni amalga oshirgan. U 1985 yilda Qozon shahrida Qur’oni karimni nashr etish bo’yicha tashkil etilgan kengashga rahbarlik qildi. Shuningdek, uning rahbarligi ostida “Sovet Sharqi musulmonlari” tahririyati uchun maxsus yangi bino qurib bitkazildi, diniy idoraga qarashli kutubxona jamg’armasi boyitildi.

Shamsiddin Boboxonov keyingi faoliyatini allomalardan meros qolgan muborak qo’lyozmalarni tadqiq qilishga bag’ishladi. U 1989-1994 yillarda   O’zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ishlaydi. Uning muallifligi va ishtirokida Qur’oni karim 30-porasining o’zbekchaga ma’nolari tarjimasi, Imom Buxoriyning “Adab durdonalari” kitobining tarjimasi, “Mashhur hadis sharhlovchilari”, “Naqshbandiya tariqatiga oid qo’lyozmalar fihristi”, “So’nmas ziyo”, “Buyuk muhaddislar xalqlar o’rtasida tinchlik va do’stlik haqida”, “Sovetlar mamlakatida Islom va musulmonlar”, “Shayx Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon”, “Ming bir fatvo”, “Amir Temur va Temuriylar haqida Misr kutubxonalarida saqlanayotgan manba va qo’llanmalar fihristi” kabi ko’plab ilmiy va ommabop kitoblar, risolalar va maqolalar nashr etilgan.

Iste’dodli olim istiqlolimizning ilk davrida o’zbek diplomatiyasining munosib vakili sifatida namoyon bo’ldi. U 1994-2001 yillarda O’zbekistonning Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni hamda o’rindoshlik asosida Jazoir, Iordaniya, Quvayt va Bahrayn davlatlaridagi Favqulodda va Muxtor elchisi bo’lib ishladi. Bu esa, o’z navbatida, insondan yuksak mas’uliyat va kuchli zakovatni talab etadigan vazifa edi.

Sh.Boboxonov bu vazifasini yuksak darajada ado etib, butun arab dunyosidagi davlatlarning O’zbekiston bilan aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa  qo’shdi. Bunda uning arab va ingliz tillarini mukammal bilishi, arab dunyosida Boboxonovlar sulolasining obru-e’tibori yuqori darajada ekanligi  hamda shaxsiy sifatlari juda qo’l keldi.

Yirik olim Toshkentga qaytgach, butun kuchi va vaqtini sevimli ishiga — yangi ilmiy asarlar yaratishga qaratganligi ziyo ahli uchun quvonarli yangilik edi. Keyinchalik ketma-ket e’lon qilingan ilmiy-tarixiy asarlar, nafaqat ko’p sonli do’stlari, shogirdlari, balki millionlab o’quvchilar uchun Boboxonovdan doimiy esdalik bo’lib qoldi.

Ulug’ inson, islomshunos olim va mohir diplomat Shamsiddinxon Boboxonov  2003 yil 15 aprelda vafot etdi. U kishi Toshkentdagi G’oyibota qabristoniga, sulola xilxonasiga dafn etildi.

O’zbekiston deya atalgan buyuk ma’vodan yetishib chiqqan bunday zotlar hayoti va faoliyati hali ko’p zamonlar avlodlarga ibrat va namuna bo’lib xizmat qilishiga ishonamiz.

Muhammadiyev Faxriddin Misriddinovich

O’zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi bo’lim boshlig’i

tel: 90 991 42 63

 

CЎНГГИ МАҚОЛАЛАР
ИЖТИМОИЙ ТАРМОҚЛАР
O‘ZBEKISTON ISLOM SAN'ATI JAHON SIVILIZATSIYASINING AJRALMAS QISMI

Ўзбекистон ислом санъати жаҳон цивилизациясининг ажралмас қисми

Manzil

Адрес:Тошкент/Олмазор Қорасарой / 47
е-маил: sanat@cisc.uz
Bog'lanish

+998904083399