O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi tarkibida O‘rta asrlarda Birinchi renessansga asos solgan Movarounnahrlik olimlarning dunyo fani va tamadduniga qo‘shgan hissasi bo‘yicha maxsus bo‘lim tashkil qilinadi. Ushbu olimlar orasida Abu Rayhon Beruniyning faoliyati alohida o‘rinni egallaydi. O‘ndan ortiq xorijiy tillarni bilgan qomusiy olim "Ma'danshunoslik" - "Mineralogiya" yo‘nalishida ham ilmiy tadqiqotlar olib borgan va hozirgi O‘zbekiston hududida topilishi mumkin bo‘lgan ma'danlarni to‘liq o‘rgangan. Bugun Beruniyning "Mineralogiya" risolasida qayd etilgan ma'danlarning 25 ta namunasini Geologiya muzeyi direktori A.Ahmedshoev Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirdi. Ushbu bebaho hadya muzey eksponatlari qatoridan joy oladi. Mazkur namunalarning o‘ziyoq jonajon Vatanimizda Mendeleev jadvalidan qayd etilgan barcha ma'danlar bor, degan e'tirofni tasdiqlaydi.