O'z Ўз En Ru Ar
×

QO‘LYOZMA MANBALAR XAZINASI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimgi yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-126-son Qarori 3.2-bandi asosida O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi belgilangan tartibga ko‘ra, respublika hududidagi muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning davlat reestrini tuzib, doimiy monitoringini yuritib bormoqda.

Mazkur qarorning 4.4-bandida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining “Qadimiy yozma manbalar davlat reestri to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida” 2022 yil 6 sentyabrdagi 498-son qarori qabul qilindi.

Ushbu nizom asosida O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi 2024 yilda nashr, tarjima va tabdil qilinishi rejalashtirilayotgan qo‘lyozma va toshbosma hamda zamonaviy adabiyotlarning 2023 yilda tasdiqlangan ro‘yxatiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi qadimiy yozma manbalar davlat reestrining 8-jildini chop qildi. Bunda Markazning “Qadimiy yozma manbalar davlat reestri” bo‘limi xodimlaridan iborat ijodiy guruhning xizmati katta bo‘ldi. Ijodiy guruh a'zolari A.G‘ofurov (mas'ul), X.Hamidov, A.Yaxshiboev, V.Muhiddinov, A.Maksudov ushbu jilddagi 1000 ta qo‘lyozma va bosma asarlarni to‘plashga muvaffaq bo‘ldilar.

Davlat reestrining 8-jildiga kirgan 1000 ta qo‘lyozmadan  500 donasi Samarqand davlat universiteti fondidan va 500 donasi O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondiga oid qo‘lyozmalar kiritilgan.

8-jildga kiritilgan ma'lumotlarning xronologik davri XVI asrdan XX asr boshiga to‘g‘ri keladi. Ushbu manbalar keng doiradagi fanlarni o‘z ichiga qamrab oladi. Xususan, Qur'on, Hadis, Aqida, Fiqh, Islom tarixi, Jahon tarixi, Adabiyot tarixi, Falsafa, Huquq, Kimyo, Tibbiyot, Tilshunoslik, Farmakologiya, Geografiya, Musiqa, Mineralogiya, Qishloq xo‘jaligi va boshqalar.

Qadimiy yozma manbalar arab, eski o‘zbek, fors, turk va tatar kabi musulmon Sharq xalqlarining tillarida yozilgan. Davlat reestrining 8-jildiga kiritilgan asarlar ichida 595/1199 yil ko‘chirilgan Abu Ali Ahmad ibn Muhammad Ya’qub ibn Miskavayhning “Tajorib il-umam”, 900/1495 yil ko‘chirilgan Ali ibn Hasan Xazrojiyning “al-Aqd ul-fojir ul-husni fi tabaqoti akobir ul-Yaman”,  945/1538-1539 yil ko‘chirilgan Ibrohim ibn Muhammad ibn Arabshoh Isfaroniy Islomiddinning “Sharh alal Kofiya fin-nahv”, 998/1589 yil ko‘chirilgan Badruddin Kashmiriy ibn Abdussalom Husayn ibn Sayid Ibrohimning “Ravzat ur-rizvon va hadiqot ul-g‘ilmon”, 1010/1601 yil ko‘chirilgan Majduddin ibn Odam Sanoiyning “Hadiqat ul-haqiqa va shari’at ut-tariqa”, 1010/1601 yil ko‘chirilgan Abdulloh Qobuliyning “Tazkirat ut-tavorix”, 1010/1601 yil ko‘chirilgan Abu Ali ibn Sinoning “al-Qonun fit-tib”, 1105/1694 yil ko‘chirilgan Iskandarbek Munshiyning “Tarixi olamoroyi Abbosiy”, 1319/1901 yil ko‘chirilgan Abul Fath Umar ibn Ibrohim Xayyom Nishopuriyning “Ruboiyoti Umar Xayyom”, 1237/1821-1822 yil ko‘chirilgan Alisher Navoiyning “Tarix ul-muluki Ajam”, 1029/1619-1620 yil ko‘chirilgan  “Xamsat ul-mutaxayyirin”, 1253/1837 yil ko‘chirilgan “Majolis un-nafois” va “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat”, 1207/1793 yil ko‘chirilgan Sa'diy Sheroziynig “Guliston” kabi nodir asarlar o‘rin olgan.

Qo‘lyozma manbalar davlat reestrining 8-jildi 2024 yil fevral oyida “O‘zbekiston 24” telekanalida “Islom sivilizasiyasi markazi: shonli tarixdan buyuk kelajak sari” nomli teleko‘rsatuvda Markaz xodimlari A.Matniyazov, X.Hamidov, A.Maqsudov, V.Muhiddinovlar tomonidan xalqimiz va ilmiy jamoatchilikka taqdimot qilindi.

 

A.R.Matniyazov,

Nashrlar ilmiy bo‘limi yetakchi ilmiy xodimi,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,

katta ilmiy xodim

CЎНГГИ МАҚОЛАЛАР
ИЖТИМОИЙ ТАРМОҚЛАР
ISLAMIC ART OF UZBEKISTAN IS AN INTEGRAL PART OF WORLD CIVILIZATION

Ўзбекистон ислом санъати жаҳон цивилизациясининг ажралмас қисми

Address

Адрес:Тошкент/Олмазор Қорасарой / 47
е-маил: sanat@cisc.uz
Сontact

+998904083399